Chevrolet Cobalt’ni tyuning qilish qancha turadi

18-sentabr 2026 16:23 eʼlon qilindi

Temur Djanzakov

Temur Djanzakov

Muxbir t.jonizoqov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt’ni tyuning qilish qancha turadi
Rasm: SI

Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda eng ommabop avtomobillardan biri hisoblanadi. Biroq ayrim haydovchilar standart ko‘rinishdan voz kechib, avtomobil tashqi qiyofasi va salonini o‘z didiga moslashtirishni istaydi. Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt’ni kompleks tarzda tyuning qilish qancha xarajat talab etishini hisoblab chiqdi.

Shartli loyiha doirasida avtomobilga Chevrolet Malibu 2 rulini o‘rnatish, yangi g‘ildirak disklari, old va orqa bamperlarni almashtirish, g‘ildirak arkalari atrofiga qo‘shimcha elementlar o‘rnatish ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, chiqarish tizimini qayta ishlash, old va orqa optikani yangilash, radiator panjarasini o‘zgartirish hamda avtomobilning oldi, orqasi va saloniga kameralar o‘rnatish rejalashtirilgan.

Cobalt tyuningini nimadan boshlash mumkin

Hozir bozorda Cobalt uchun R17 disklar va shinalar komplektini taxminan 4-5 mln so‘mga topish mumkin. Faqat disklarning o‘zi esa o‘rtacha 2,5 – 4,2 mln so‘m turadi.

Xarajatlarning yana bir sezilarli qismi kuzov obvesiga to‘g‘ri keladi. Tyuning uchun mo‘ljallangan ayrim detallar narxi bittasi uchun 2,4 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Old va orqa bamperlarni xarid qilish, moslashtirish hamda o‘rnatishni hisobga olganda, bu yo‘nalish uchun taxminan 4,5 – 6 mln so‘m ajratish kerak bo‘ladi.

G‘ildirak arkalari atrofidagi dekorativ elementlarni tayyorlash, bo‘yash va o‘rnatish yana 1-2 mln so‘m xarajat talab qilishi mumkin.

Radiator panjarasini yangilash ham alohida xarajat hisoblanadi. Konstruksiyasiga qarab, bu oddiy dekorativ qoplama yoki old qismni jiddiyroq qayta ishlash bo‘lishi mumkin. Ish haqi bilan birga radiator panjarasiga taxminan 700 mingdan 1,5 mln so‘mgacha mablag‘ ketadi.

Optika budjetni sezilarli oshirishi mumkin

Tyuningning eng qimmat qismlaridan biri optika bo‘lishi mumkin. Zavodda o‘rnatilgan old faralarni qayta ishlash ularni zamonaviy LED modullariga to‘liq almashtirishdan arzonroq tushadi.

Yangi elementlar va elektrik xizmatlarini hisobga olganda, old optikani yangilash uchun taxminan 3 – 5 mln so‘m kerak bo‘ladi.

LED elementlari va «kristall» effektiga ega orqa chiroqlarni o‘rnatish esa yana 1,5 – 3 mln so‘m turishi mumkin. Natijada old va orqa optikani to‘liq yangilash uchun umumiy xarajat taxminan 4,5 – 8 mln so‘mni tashkil etadi.

Salonda nimalarni o‘zgartirish mumkin

Salonning asosiy o‘zgarishlaridan biri Chevrolet Malibu 2 rulini o‘rnatish bo‘ladi. Bunday original rul bozorda taxminan 1,8 mln so‘mdan sotilmoqda. Marketpleyslarda shunga o‘xshash takliflar qariyb 2,24 mln so‘m atrofida turadi.

Rulni o‘rnatish, tugmalarini ulash va zarur adapterlarni hisobga olganda, bu modifikatsiya uchun umumiy budjet 2,2 – 3 mln so‘mga yetishi mumkin.

Bunday o‘zgarishlarda detallar sifati va o‘rnatish xavfsizligidan tejamaslik muhim. Avtoekspert Kamil Suleymanov avvalroq Chevrolet Cobalt’ga kiritiladigan har qanday o‘zgarishda komponentlarning ishonchliligiga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.

Ayniqsa, elektr tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar va xavfsizlik yostiqchasiga ega rulni almashtirishda ehtiyotkorlik talab etiladi. SRS tizimiga aralashish tajribali mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Glushitel va kameralar qancha turadi

Chevrolet Cobalt’ga sport uslubidagi ko‘rinish berish uchun dvigatelga jiddiy o‘zgartirish kiritish shart emas. Variantlardan biri – chiqarish tizimini o‘zgartirish, yangi nasadka o‘rnatish yoki uning tashqi qismini qayta ishlash.

Materiallar va ish haqini hisobga olganda, bunday modifikatsiya taxminan 800 mingdan 1,5 mln so‘mgacha turadi.

Loyihaning yana bir qismi – kameralar. Shartli variantda uchta kamera: old, orqa va salon kamerasi ko‘zda tutiladi.

Masalan, uch kanalli videoregistratorni taxminan 599 ming so‘mga topish mumkin. Biroq alohida kameralar, monitor, simlarni yotqizish va to‘liq o‘rnatishni o‘z ichiga olgan kompleks tizim qimmatroq tushadi. Bunday komplekt uchun taxminan 1,5 – 2,5 mln so‘m ajratish kerak bo‘ladi.

Cobalt’ni to‘liq tyuning qilish qancha turadi

Barcha rejalashtirilgan o‘zgarishlarni hisobga olganda, Chevrolet Cobalt’ni kompleks tyuning qilish taxminan 23 – 35 mln so‘mga tushishi mumkin.

Yakuniy summa tanlangan detallar, materiallar sifati va bajariladigan ishlarning murakkabligiga bog‘liq bo‘ladi. Qimmatroq optika, sifatli disklar, murakkab kuzov obvesi va qo‘shimcha elektronika umumiy budjetni sezilarli oshirishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Blazer uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek