Eronlik milliarder «Chelsi»ni sotib oldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kompaniya klubdagi Todd Boely va Mark Valterga tegishli ulushlarni sotib oldi
Foto: CDN

Eronlik milliarder Behdad Eghbali asos solgan Clearlake Capital Group «Chelsi» futbol klubi ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga oldi. Bu haqda «Chelsi» rasmiy sayti ma’lum qildi.

Eghbali kim

Behdad Eghbali Eronda tug‘ilgan va Kaliforniyada ulg‘aygan amerikalik milliarder hisoblanadi. U 2006-yilda José E. Feliciano bilan birga Clearlake Capital kompaniyasiga asos solgan. 2025-yilgi Los Angeles Business Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Eghbalining boyligi $5,5 mlrdga baholangan.

Eghbali 2026-yilda Forbes tomonidan AQShdagi eng muvaffaqiyatli immigrantlar ro‘yxatiga ham kiritilgan. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, u 1986-yilda Eron – Iroq urushi davrida Erondan chiqib ketgan.

Boely «Chelsi»dagi lavozimini tark etdi

Clearlake avvaldan «Chelsi»ning asosiy aksiyadori bo‘lib, klubning 61,5 foiz ulushiga egalik qilgan. Todd Boely va Mark Valter esa qolgan ulushning bir qismini boshqa investor Hansjörg Wyss bilan birga nazorat qilgan.

Yangi kelishuv doirasida Boely va Valter o‘z ulushlarini Clearlake’ga sotdi. Natijada kompaniya klub ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘ldi. Boely esa «Chelsi» raisi lavozimini tark etdi.

«Chelsi»ning rasmiy bayonotida Hansjoerg Vyss klub egalari guruhida muhim investor va hamkor sifatida qolishi qayd etilgan. Klubning kundalik faoliyati, rahbariyati va strategiyasida o‘zgarish bo‘lmasligi aytilgan.

Klub qariyb 5 mlrd yevroga baholandi

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Boely va Valterning umumiy 25 foizlik ulushi taxminan £950 mln evaziga sotilgan. Kelishuv «Chelsi»ning umumiy qiymatini qarzlar bilan birga qariyb £5 mlrdga olib chiqadi.

Clearlake Capital va Boely boshchiligidagi investorlar guruhi «Chelsi»ni 2022-yilda Roman Abramovichdan sotib olgan edi. O‘sha kelishuvdan keyin klubda Boely va Clearlake birgalikda nazoratni amalga oshirib kelgan.

Avvalroq portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu faoliyatini davom ettirayotgan Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubini sotib olish bo‘yicha konsorsium tarkibiga kirishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek