
Apple’ning yangi iPhone 18 Pro Max modeli sovitish tizimi samaradorligi bo‘yicha qator Android flagmanlaridan yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Geekerwan kanali o‘tkazgan testlarda smartfon yuqori yuklama ostida kamroq qizigan.
Harorat 44,3 darajada qolgan
Sinov davomida iPhone 18 Pro Max chipi 5,9 Vtgacha quvvat sarflagan. Bu ko‘rsatkich iPhone 17 Pro Max’dagi 5,4 Vtdan biroz yuqori.
Shunga qaramay, yangi modelning harorati 44,3 darajada qolgan. Taqqoslash uchun, iPhone 17 Pro Max 45,2 darajagacha qizigan.
Bu natijalar Apple yangi avlodda sovitish tizimini sezilarli darajada yaxshilaganini ko‘rsatadi.
Android flagmanlari ko‘proq qizigan
Testda OnePlus 15 hamda iQOO 15 Ultra bilan ham taqqoslash o‘tkazilgan. OnePlus 15 6,1 Vt quvvat sarflagan holda 47,2 darajagacha qizigan. iQOO 15 Ultra esa iPhone 18 Pro Max bilan bir xil — 5,9 Vt quvvat sarflagan, biroq uning harorati ham 47,2 darajaga yetgan.
Shu tariqa, iPhone 18 Pro Max Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasidagi ayrim flagmanlarga nisbatan pastroq haroratni saqlab qolgan.
Zaryadlash tezligi ham oshirilgan
Apple yangi avlodda faqat issiqlik boshqaruvini emas, zaryadlash tezligini ham yaxshilagan.
Avvalgi testlarda iPhone 18 Pro Max 15 daqiqada 55 foizgacha quvvatlangani va to‘liq zaryadlash bir soatdan kam vaqt olgani qayd etilgan.
Avvalroq «Kursiv» iPhone 18 Pro Max smartfoni yetakchilikni egallagani haqida yozgan edi.