Markaziy bank xalqaro zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishi mumkin

O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro zaxiralarni boshqarishda tashqi boshqaruv mexanizmlaridan bosqichma-bosqich foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 18-sentabr kuni Toshkentda o‘tayotgan IPAM Forum 2026 ochilishidagi nutqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi boshqaruvdan foydalanish zaxiralarni diversifikatsiyalash bilan birga Markaziy bank mutaxassislarining xalqaro bozorlardagi tajribasini oshirishga xizmat qiladi.
Xalqaro mutaxassislar bilan birga ishlash rejalashtirilgan
Timur Ishmetov Markaziy bank aktivlar sinflari, valyutalar va kontragentlar bo‘yicha diversifikatsiyani kengaytirayotganini aytdi.
«Tashqi boshqaruvga bosqichma-bosqich o‘tish ham shu jarayonning bir qismidir. Bu portfel boshqaruvchilarimizga real bozorlarda yetakchi xalqaro mutaxassislar bilan yonma-yon ishlash va orttirilgan tajribani institutimizga olib kirish imkonini beradi», – dedi u.
Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, zaxiralarni boshqarishda asosiy tamoyillar xavfsizlik, likvidlik va undan keyin daromadlilik bo‘lib qoladi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb 8 mlrd dollarga oshdi
O‘zbekiston 2024-yilda AQSh davlat obligatsiyalarini xarid qilgan
O‘zbekiston 2020-yilda Jahon bankining zaxiralarni boshqarish bo‘yicha maslahat va hamkorlik dasturiga qo‘shilgan. 2024-yilda esa Markaziy bank ilk bor AQSh g‘aznachilik qimmatli qog‘ozlarini xarid qilgan.
Ishmetov buni zaxiralar portfelini diversifikatsiya qilishdagi muhim qadam deb atadi.
«Portfelni bir haftada qayta joylashtirish mumkin. Institutni esa bunday qisqa muddatda o‘zgartirib bo‘lmaydi», – dedi Markaziy bank raisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank zaxiralarni boshqarish tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirib, nafaqat yangi aktivlarga sarmoya kiritish, balki mutaxassislar, tizimlar va boshqaruv mexanizmlarini ham kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2026-yil iyul oyida taxminan $1,3 mlrdlik oltin eksport qilgani xabar qilingandi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar – iyul oylarida oltin eksporti jami $2,8 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan keskin kamaygan.