Markaziy banklarning 75 foizi zaxiralardagi dollar ulushi kamayishini kutmoqda

Dunyodagi har to‘rtta markaziy bankdan uchtasi kelgusi besh yil ichida AQSh dollarining global zaxiralardagi ulushi kamayishini kutmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov 18-sentabr kuni Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha global muloqot – IPAM Forum 2026 ochilishidagi nutqida aytdi.
Jahon oltin kengashi so‘roviga ko‘ra, markaziy banklarning 89 foizi global oltin zaxiralari kelgusida oshishini kutmoqda.
Shuningdek, respondentlarning 45 foizi o‘z oltin zaxiralarini ko‘paytirishni rejalashtirgan. Markaziy banklarning 75 foizi esa keyingi besh yil ichida dollarning global zaxiralardagi ulushi qisqarishini kutmoqda.
«Bu o‘zgarish rasmiy zaxiralar tarkibidagi siljishlarda ham namoyon bo‘lmoqda», – dedi Timur Ishmetov.
Oltin AQSh davlat obligatsiyalaridan o‘zib ketgan
Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, 2025-yil yakuniga kelib markaziy banklar egaligidagi aktivlar qiymati bo‘yicha oltin AQSh g‘aznachilik qimmatli qog‘ozlaridan o‘zib ketgan.
Ishmetov buni zaxira aktivlarini diversifikatsiya qilish jarayonidagi muhim bosqich sifatida baholadi.
«Oltinning roli ortib borayotgani uning uzoq muddatli qiymat saqlash vositasi, portfelni diversifikatsiya qiluvchi aktiv va suveren emitentning kredit xataridan xoli aktiv sifatidagi jozibadorligi bilan izohlanadi», – dedi u.
O‘zbekiston ham zaxiralarni diversifikatsiya qilmoqda
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qariyb 8 mlrd dollarga oshdi
Timur Ishmetovning aytishicha, O‘zbekiston xalqaro zaxiralar tarkibini aktivlar, valyutalar va kontragentlar bo‘yicha kengaytirish ustida ishlamoqda.
Markaziy bank raisi zaxiralarda bitta aktivning ulushi qanchalik katta bo‘lishi kerakligi, portfelning tashqi shoklarga chidamliligini qanday oshirish va o‘zgarayotgan bozor sharoitida aktivlarni qanday taqsimlash masalalari hozir eng muhim savollar qatoriga kirayotganini ta’kidladi.
«Bu uchala masala bo‘yicha o‘z qarashlarimiz bor. Ammo ularning hech biri bo‘yicha yakuniy javobga kelganimiz yo‘q», – dedi Ishmetov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank xalqaro zaxiralarning bir qismini tashqi boshqaruvga berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, tashqi boshqaruvdan foydalanish zaxiralarni diversifikatsiya qilish bilan birga Markaziy bank mutaxassislarining xalqaro bozorlardagi tajribasini oshirishga xizmat qiladi.