Nigeriyada hibsdagi 37 kishi vafot etdi

eʼlon qilindi
Tekshiruv boshlandi
Nigeriyada hibsdagi kamida 37 kishi vafot etdi
Foto: Pexels

Nigeriyaning markaziy qismidagi Niger shtatida noqonuniy konchilikda gumon qilinib hibsga olingan kamida 37 kishi vaqtincha saqlash joyida vafot etdi.

Gumondorlar ikki kun avval hibsga olingan

Nigeriya Xavfsizlik va fuqarolik mudofaasi korpusi ma’lumotiga ko‘ra, vafot etgan shaxslar seshanba va chorshanba kunlari noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinib ushlangan.

Tashkilotning Niger shtatidagi rahbari Suberu Siyaka Aniviye dastlab mahbuslar kasallik tufayli vafot etgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Biroq o‘lim sababini aniqlash uchun jasadlar tibbiy ko‘rikka yuborilgan. Qaysi kasallik haqida gap ketayotgani ochiqlanmagan.

Shu bilan birga, razvedka ma’lumotlarida dastlabki sabab sifatida hibsxonadagi haddan tashqari tiqilinch va yetarli ventilyatsiya bo‘lmagani ko‘rsatilgan.

Tirik qolganlardan biri nafas yetishmaganini aytdi

Hodisadan omon qolgan Dauda Shehu Associated Press’ga bergan intervyusida 65 kishi bitta yaxshi shamollatilmaydigan kameraga joylashtirilganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar bir paytning o‘zida nafas olish qiyinlashganini sezib, toza havo olish uchun eshik tomonga intilgan. Ular qo‘riqchilar e’tiborini jalb etish uchun kamera eshigini urishga harakat qilgan.

Tekshiruv boshlandi

Niger shtati gubernatori Mohammed Umaru Bago voqeani «fojiali» deb atadi va o‘lim holatlarini tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi. Hududda uch kunlik motam e’lon qilindi.

Shtat politsiyasi ham alohida tergov boshlagan va marhumlarning qarindoshlarini tekshiruvga yordam berishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishga chaqirgan.

Niger shtati oltin va boshqa foydali qazilmalarga boy hudud hisoblanadi. Bu yerda minglab kichik konchilar faoliyat yuritadi, noqonuniy oltin qazib olish esa mahalliy qurolli guruhlar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarni ham kuchaytirayotgani qayd etilgan.

Avvalroq «Kursiv» Meksikada futbol vaqtida qurolli hujum bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek