Orolbo‘yida yiliga 9 800 nafar tibbiyot xodimini o‘qitadigan akademiya ishga tushirildi

Qoraqalpog‘istonda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun qiymati 154 mlrd so‘m bo‘lgan zamonaviy majmua tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasida yiliga 3 ming nafar shifokor hamda 6,8 ming nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malakasini oshirishi mumkin. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishgani haqidagi rasmiy xabarda ma’lum qilindi.
154 mlrd so‘mlik majmua barpo etildi
Akademiya Qoraqalpog‘istonda tibbiyot xodimlarini xalqaro standartlar va zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash markazi sifatida tashkil qilingan.
Muassasa 4,6 gektar maydonda qurilgan bo‘lib, loyiha doirasida 80 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli mehmonxona ham faoliyat yuritmoqda.
Akademiyada Orolbo‘yi hududidan yiliga qariyb 100 nafar klinik ordinator tayyorlash imkoniyati ham mavjud.
18 ta simulyatsion xona tashkil qilindi
Mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish uchun akademiyada 18 ta simulyatsion xona tashkil etilgan.
Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyatsion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Bu mutaxassislarni 100 dan ortiq tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlash imkonini beradi.
Markaziy Osiyodagi yagona jarrohlik roboti
Akademiyaning eng muhim texnologik imkoniyatlaridan biri – «Edge Medical» jarrohlik roboti. Ushbu robot Markaziy Osiyoda yagona bo‘lib, simulyatsion o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.
AQSh va Germaniya universitetlari bilan hamkorlik
Akademiya xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, AQShning Pittsburg universiteti hamda Germaniyaning Frayburg universiteti bilan xalqaro o‘quv kurslari va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilmoqda. Muassasada telemeditsina va raqamli ta’lim texnologiyalari ham joriy qilingan.
Akademiya Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot muassasalarini ilm-fan, ta’lim va amaliyotni birlashtiruvchi innovatsion klasterga aylantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazish va buning hisobiga 40 mingta doimiy hamda mavsumiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.