
Samsung Galaxy A36 smartfoni uchun Android 17 asosidagi One UI 9.0 interfeysining ikkinchi beta-versiyasini tarqata boshladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Yangilanish dastlab Hindistondagi foydalanuvchilar uchun taqdim etildi, boshqa hududlarda ham yaqin vaqtda paydo bo‘lishi kutilmoqda. U A366EXXUCZZIA raqamiga ega bo‘lib, hajmi 561,55 MBni tashkil qiladi.
Kamera barqarorligi yaxshilandi
Yangilanish ikkita asosiy o‘zgarishni olib keladi. Birinchisi – Galaxy A36 kamerasining ishlash barqarorligi yaxshilangan.
Ikkinchisi – 2026-yil sentabr oyidagi xavfsizlik patchi qo‘shilgan. Samsung ma’lumotiga ko‘ra, u avvalgi dasturiy ta’minotda aniqlangan 90 ta xavfsizlik muammosini bartaraf etadi.
Yangilanishni Sozlamalar – Dasturiy ta’minotni yangilash – Yangilanishlarni tekshirish bo‘limi orqali tekshirish mumkin.
Barqaror One UI 9.0 qachon chiqishi noma’lum
Ikkinchi beta-versiya Samsung Galaxy A36 uchun One UI 9.0 sinov dasturi boshlanganidan qariyb ikki hafta o‘tib chiqarildi.
Kompaniya hozircha Galaxy A36 uchun One UI 9.0’ning barqaror versiyasi qachon taqdim etilishini ma’lum qilmagan.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S27 Ultra kameralarini katta yangilashni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.