2025-yili Qoraqalpog‘istonga 1,7 mlrd dollar investitsiya kiritildi — Shavkat Mirziyoyev

Nukus shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2025-yili hududga kiritilgan investitsiya miqdori $1,7 mlrd ni tashkil etgani va bu iqtisodiyotning tez o‘sishiga xizmat qilgani ta’kidlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar va soliq imtiyozlari
O‘tgan 2025-yili Qoraqalpog‘istonga kiritilgan $1,7 mlrd investitsiya 2021-yilgi ko‘rsatkichdan 22 karra ko‘p ekani qayd etildi. Joriy yilning birinchi yarmida hudud iqtisodiyoti 10,2 foizga o‘sib, Toshkent shahridan keyin mamlakatda ikkinchi o‘rinni egalladi. Mintaqada qulay biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, yer va mol-mulk soliqlari ikki barobarga qisqartirildi. Shuningdek, sanoat uchun elektr energiyasi tarifi 15 foizga arzonlashtirilib, ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi.
Energetika sohasidagi yutuqlar
So‘nggi yillarda hududda umumiy quvvati 860 megavatt bo‘lgan yangi energetika obyektlari ishga tushirildi. Xususan, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida qurilgan shamol elektr stansiyalari hisobiga ishlab chiqarilayotgan energiyaning 23 foizi «yashil» energiya ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarish to‘rt barobarga ko‘payib, yillik hajm 5,3 mlrd kilovatt-soatga yetdi. Bu esa aholi va sanoat korxonalarining ehtiyojidan qariyb uch barobar ko‘pdir.
Yangi loyihalar va istiqbolli rejalar
Yig‘ilish doirasida umumiy qiymati $7 mlrd ga teng bo‘lgan 47 ta yangi loyihani amalga oshirishga ruxsat berildi. Ular orasida Qo‘ng‘irot tumanida barpo etiladigan, qiymati $2,6 mlrd va quvvati 1,5 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi loyihasi ham bor. Ushbu loyiha asosida 1,5 ming kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i va 500 kilovolt quvvatga ega uchta podstansiya qurilishi rejalashtirilgan.
Maqsadli dasturga muvofiq, 2030-yilga qadar umumiy quvvati 3,3 ming megavattlik shamol stansiyalari ishga tushirilishi hamda 400 megavattlik energiya saqlash tizimlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar orqali Qoraqalpog‘iston mintaqaning eng yirik «yashil» energiya markazlaridan biriga aylanadi.
Avvalroq Kursiv nashri Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini Kallibek Kamalov xonadonidan boshlagani haqida xabar bergan edi.