Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 12 foizga tushiriladi

eʼlon qilindi
Yangi moliyaviy yengilliklar hisobiga hududda qo‘shimcha 50 ming kishining doimiy daromadini oshirish maqsad qilingan
Rasm: IgorVetushko / Depositphotos

Qoraqalpog‘istonda aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik uchun ajratiladigan kreditlar stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga pasaytiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kredit stavkalarining pasaytirilishi

Hududdagi 2 ming tadbirkor o‘tgan uch yil davomida 2 trln 145 mlrd so‘m kreditni vaqtida qaytarib, ishonchli mijoz maqomini olgan. Endilikda ushbu mijozlar uchun hududga mas’ul bank tomonidan 16 foizlik stavkada 300 mlrd so‘mlik kredit liniyasi ochilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kreditning 4 foiz qismini qoplab beradi va natijada mijozlar uchun yakuniy yuklama 12 foizga tushadi. Qolgan sakkizta bankka ham bir oy ichida shunga o‘xshash mahsulotlar ishlab chiqish topshirildi.

Yangi loyihalar va aholi bandligi

Kelasi yili hududda moliyaviy resurslar miqdori ikki barobarga oshiriladi. Hududiy iqtisodiyotni ko‘tarishga qaratilgan «drayver» loyihalarni amalga oshirish uchun $100 mln yo‘naltirilishi belgilandi. Mazkur mablag‘lar doirasida kamida 50 ming kishini doimiy daromad manbaiga ega qilish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, tuman hokimlariga iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan yana ikkitadan loyiha uchun 100 mlrd so‘m ajratilib, moliyalashtirish bir haftada boshlanishi ma’lum qilindi.

Infratuzilmani rivojlantirish natijalari

So‘nggi ikki yilda biznes infratuzilmasiga kiritilgan 370 mlrd so‘m sarmoya hisobidan 2200 ta savdo va servis obyekti ishga tushirilgan. Buning natijasida hududda 10 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi. Xususan, Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, shuningdek, futbol va vorkaut maydonchalari foydalanishga topshirilishi aholi turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi.

Avvalroq Kursiv nashri 2025-yili Qoraqalpog‘istonga 1,7 mlrd dollar investitsiya kiritilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek