Sergeli tumanidagi maktablarda «SI Davomat» tizimi ishga tushirildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Face ID texnologiyasi asosida ishlovchi raqamli nazorat tizimi tumandagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida Sergeli tumanidagi maktablarda joriy etilgan «SI Davomat» tizimi taqdim qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Tizimning maqsadi va vazifalari

Mazkur loyiha maktab jarayonlarini raqamlashtirishning dastlabki bosqichi hisoblanadi. Tizim ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini tahlil etish hamda davomatni nazorat qilishga mo‘ljallangan. Darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilar faolligi va o‘qitish usullari fanlar, sinflar hamda o‘qituvchilar kesimida muntazam monitoring qilinadi.

Yangi texnologiyalar va nazorat tartibi

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Maktablarda o‘rnatilgan smart-kameralar va Face ID texnologiyasi o‘quvchilarning darslardagi ishtirokini avtomatik qayd etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida takroriy dars qoldirish holatlari aniqlanadi.

Agar o‘quvchi sababsiz darsga kelmasa, ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Shuningdek, maktab ma’muriyati, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya va mahalla vakillariga ma’lumot avtomatik ravishda yetkaziladi.

Integratsiya va kelgusi rejalar

«ERP Maktab» hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining «DMED» tizimlari o‘zaro integratsiya qilingani sababli, kasallik tufayli qoldirilgan darslar avtomatik tarzda uzrli deb hisoblanadi.

Hozirgi kunda Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan. Sinov natijalariga ko‘ra, tizimni poytaxtning boshqa maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv nashri ota-onalar farzandining maktabdagi baholarini onlayn ko‘rishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek