Toshkent va Nukus o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
Yangi qatnov yo‘lga qo‘yilishi natijasida safar vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi
Foto: Instagram

2027-yilning mart oyidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi va yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti ikki barobardan ko‘proqqa qisqarishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Infratuzilma va yo‘l qurilishi

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda $384 mln hisobiga «A-380» magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometr qismi to‘liq beton qoplamaga o‘tkazildi. Shuningdek, kecha yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrini qurish boshlandi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati $233 mln ni tashkil etadi. Natijada hudud orqali tranzit hajmi 1,5 karra oshib, To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib borishi ta’minlanadi.

Ijtimoiy soha va sog‘liqni saqlash

Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda esa bolalar shifoxonasi hamda tug‘uruqxona ishga tushirildi.

Madaniyat va kommunal xizmatlar

Amudaryo va To‘rtko‘lda har biri 2 ming o‘rinli amfiteatr, Nukus shahrida gimnastika markazi va Konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, «Tuyamo‘yin» suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish hamda Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari boshlanishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv nashri Toshkent – Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd 2-maydan ishga tushirilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek