Toshkentda SAT sertifikati uchun 1,5 ming dollar so‘ragan jinoiy guruh ushlandi

eʼlon qilindi
DXX va IIBB hamkorligidagi operatsiya natijasida firibgarlar guruhi qo‘lga olindi
Foto: Ekran tasviri

Toshkent viloyatida oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz beruvchi xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy yo‘l bilan olib berishga ixtisoslashgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

«Bunker» va xorijiy OTM talabalari

Tezkor tadbir DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Guruh a’zolarining asosiy qismini Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkentdagi filiali talabalari, shuningdek, Osiyoning yetakchi davlatlaridan birining poytaxtdagi filiali talabasi tashkil etgan. Ular Yangihayot tumanida joylashgan xususiy maktab binosida maxsus «bunker» tashkil qilishgan.

Noqonuniy sxema qanday ishlagan

Foto: Ekran tasviri

Sxemani amalga oshirishda IT sohasiga ixtisoslashtirilgan MChJ mutaxassisi muhim rol o‘ynagan. U tizimga yashirincha ulanib, test savollarini masofadan ishlash imkonini yaratib bergan. Talabalar esa shu imkoniyatdan foydalanib, mijozlar (talabgorlar) o‘rniga matematika va ingliz tili bo‘yicha testlarni yechish bilan shug‘ullangan.

Sertifikat narxi va tergov harakatlari

Guruh a’zolaridan biri SAT sertifikatini olmoqchi bo‘lgan 5 nafar mijozning har biridan $1,5 mingdan talab qilgan. Hattoki, bir mijoz to‘lovni kriptohamyon orqali amalga oshirishga ulgurgani aniqlangan.

Hozirgi vaqtda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri SAT sertifikati asosida qo‘shimcha davlat grantiga qabul tartibi qanday ekanligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek