O‘zbekistonda amaliy magistratura tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab magistratura dasturlari amaliy hamda ilmiy-pedagogik yo‘nalishlarga ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Amaliy magistratura kamida bir yil davom etadi
Ishlab chiqarish, ya’ni amaliy dasturga yo‘naltirilgan magistraturada o‘qish muddati kamida bir yil qilib belgilanadi. Ilmiy-pedagogik dasturga yo‘naltirilgan magistratura esa kamida ikki yil davom etadi.
Ta’lim jarayoni mutaxassislikning o‘quv rejasi va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy shaklda tashkil etilishi mumkin.
Bitiruvchilar amaliy loyiha himoya qiladi
Amaliy magistratura bitiruvchilari mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ishni tayyorlab, himoya qiladi.
Ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi magistratura talabalari esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi.
Dissertatsiyalar plagiatga tekshiriladi
Magistrlik dissertatsiyasi dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi. Shuningdek, ish «yashirin ekspert taqrizi»dan o‘tkaziladi.
Scopus va Web of Science bazalariga kiritilgan jurnallarda maqola chop etgan magistratura talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi.
O‘qish muddatini vazirlik muvofiqlashtiradi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi magistraturada o‘qish davomiyligini mutaxassisliklarning xususiyatidan kelib chiqib muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi.
Yangi tartib Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.
Avvalroq «Kursiv» tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida yozgan edi.