O‘zbekistonlik bankir Mo‘minjon Yo‘ldoshev Interpol qidiruviga berildi

Madad Invest Bank — hozirgi MyBank’ning sobiq yirik aksiyadori va kuzatuv kengashi raisi Mo‘minjon Yo‘ldoshev uchun Interpolning «qizil bildirishnomasi» (Red Notice) e’lon qilindi.
Interpol ma’lumotlariga asoslangan ochiq bazalarda Yo‘ldoshev 2026-yil 15-sentabrdan qidiruvda ekani ko‘rsatilgan. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha qidirilmoqda.
Interpol ta’rifiga ko‘ra, Red Notice shaxsni topish va ekstraditsiya, topshirish yoki boshqa huquqiy jarayonlar oldidan vaqtincha hibsga olish to‘g‘risida dunyo mamlakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuboriladigan so‘rov hisoblanadi. U xalqaro hibs orderi emas va har bir davlat shaxsni ushlash masalasini o‘z qonunchiligi asosida hal qiladi.
Jahon banki ham Yo‘ldoshevga sanksiya qo‘llagan
Bu Mo‘minjon Yo‘ldoshevga nisbatan xalqaro darajada qo‘llangan birinchi cheklov emas.
2019-yil 8-iyulda Jahon banki uni kamida to‘rt yil muddatga bank moliyalashtiradigan loyihalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgan. Cheklov Yo‘ldoshev to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita nazorat qiladigan yuridik shaxslarga ham tatbiq etilgan.
Jahon banki materiallarida qayd etilishicha, ish Sirdaryo viloyatidagi suv ta’minoti loyihasi bo‘yicha tender bilan bog‘liq bo‘lgan. Bankning Integrity Vice Presidency tuzilmasi Yo‘ldoshevni raqobatchi kompaniya vakiliga tenderdagi taklifini qaytarib olishi uchun tahdid qilganlikda ayblagan.
Yo‘ldoshev belgilangan muddatda Jahon bankining sanksiyalar bo‘yicha organlariga e’tiroz taqdim etmagan. Shu sababli to‘rt yillik sanksiya 2019-yil 8-iyuldan kuchga kirgan.
MyBank’ka nima bo‘ladi
Hozircha Mo‘minjon Yo‘ldoshevning Interpol qidiruviga berilishi MyBank faoliyatiga bevosita ta’sir qilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Bankning rasmiy sayti ishlamoqda, unda mijozlar uchun xizmatlar va 2026-yilga oid korporativ ma’lumotlar e’lon qilinmoqda. Saytda bankka O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan berilgan №82 litsenziya ham ko‘rsatilgan.
MyBank’ning 2026-yil uchun e’lon qilingan affillangan shaxslar ro‘yxatida Mo‘minjon Yo‘ldoshev kuzatuv kengashi yoki bank boshqaruvi a’zosi sifatida ko‘rsatilmagan. Unda kuzatuv kengashi a’zolari sifatida Kamoljon Aripov, Yusufjon Egamnazarov va Safarali Rahmatullayev qayd etilgan.
Avvalroq «Kursiv» Interpol orqali qidiruvda bo‘lgan uch kishi O‘zbekistonga qaytarilgani haqida yozgan edi.