«3 kunda davolaymiz»: tibbiy xizmatlar reklamasida bunday va’dalar taqiqlanishi mumkin

Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlarni reklama qilayotgan tadbirkorlarni reklama qonunchiligi talablariga rioya qilishga chaqirdi. Qo‘mita davolash natijasini kafolatlovchi yoki xizmatning mutlaq xavfsizligini va’da qiluvchi reklamalar iste’molchilarni chalg‘itishi mumkinligini bildirdi.
So‘nggi vaqtlarda tibbiy xizmatlar reklamasida «kasallikdan bir umrga xalos qilamiz», «mutlaqo xavfsiz», «3 kunda davolaymiz», «hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q», «bizga kelgan bemorlarning barchasi sog‘aydi» kabi iboralardan foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Davolash natijasini kafolatlash mumkin emas
Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, reklamada davolash natijasini kafolatlash, mutlaq xavfsizlikni va’da qilish, qarshi ko‘rsatmalar mavjudligini inkor etish yoki bemorning individual xususiyatlarini hisobga olmasdan bir xil natijani va’da qilish qonunchilik buzilishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, tibbiy tashkilotga berilgan litsenziyada ko‘rsatilmagan xizmatlarni reklama qilish ham taqiqlanadi.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, noaniqligi, bo‘rttirib yuborilishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra iste’molchini chalg‘itadigan yoxud chalg‘itishi mumkin bo‘lgan reklama nomaqbul deb hisoblanadi va taqiqlanadi.
Nomaqbul reklama uchun 70 BHM jarima
Qonunning 47-moddasiga ko‘ra, nomaqbul reklama berganlik yoki aksilreklamani berishdan bosh tortganlik bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga binoan, noto‘g‘ri reklama yoki axborot oqibatida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi, ijrochi yoki sotuvchi tomonidan to‘liq qoplanishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlarni reklama qilayotgan tadbirkorlarni reklamalarini amaldagi qonunchilik talablariga moslashtirishga va iste’molchilarga noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumot berishdan tiyilishga chaqirdi.
Qo‘mita tibbiy xizmatlar reklamasi bo‘yicha monitoring ishlari muntazam davom ettirilishini ham ma’lum qildi.
Avvalroq «Kursiv» Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligidan reyslar kechikishi uchun kompensatsiya joriy etishni so‘ragani haqida yozgan edi.