Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilgan to‘rt kishi ushlandi

Chirchiq shahrida ijaraga olingan xonadonda giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinayotgan to‘rt kishi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Gashish tayyorlashgani aytilmoqda
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, ushlanganlar 2000 va 2002-yillarda tug‘ilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, ular Telegram messenjeri orqali aloqada bo‘lgan xorijlik kuratorlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan yetkazilgan «gashish moyi» va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, gashish tayyorlashgan.
Xonadon ko‘zdan kechirilganda taxminan 400 gramm gashish, 5 kg yarim tayyor mahsulot, shuningdek, narkotik moddalarni tayyorlashda foydalanilishi mumkin bo‘lgan elektr pech, mikser, tarozi, qo‘lqop, himoya vositalari hamda yelim idishlar olib qo‘yilgan.
Uch nafari xorijda ham narkotik tayyorlash bilan shug‘ullangani aytilmoqda
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchilardan biri avval Rossiyada, yana ikki nafari esa Vyetnam va Tailandda bo‘lgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, ular ushbu davlatlarda laboratoriya sharoitida narkotik moddalar tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276¹-moddasi – «G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda O‘zbekiston Jinoyat kodeksida alohida javobgarlikni nazarda tutadi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda SAT sertifikati uchun 1,5 ming dollar so‘ragan jinoiy guruh ushlangani haqida yozgan edi.