Lionel Messi faoliyatidagi 930-golini urdi

21-sentabr 2026 17:20 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Lionel Messi faoliyatidagi 930-golini urdi
Foto: Chempionat

«Inter Miami» hujumchisi Lionel Messi faoliyatidagi rasmiy gollari sonini 930 taga yetkazdi. Argentinalik futbolchi MLS doirasida «San Diego»ga qarshi uchrashuvda jarima zarbasidan gol urdi.

Messi jarima zarbasidan gol urdi

Uchrashuvning 12-daqiqasida Anders Dreyer «San Diego»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 12 daqiqa o‘tib, jarima maydoni yaqinida standart vaziyatni amalga oshirgan Messi to‘pni devor ustidan oshirib, darvoza ustuniga tekkizgan holda gol urdi.

Bu argentinalik futbolchining 2026-yilgi MLS mavsumidagi 20-goli bo‘ldi. Manbaga ko‘ra, Messi liga to‘purarlari poygasida ham yetakchilik qilmoqda.

«Inter Miami» safida 101-gol

39 yoshli Messi yaqinda «Kruz Azul»ga qarshi Campeones Cup bahsida «Inter Miami» safidagi 100-golini urgan edi. «San Diego»ga qarshi gol esa uning Florida klubi tarkibidagi 101-goli bo‘ldi.

Shuningdek, argentinalik futbolchi joriy MLS mavsumida 22 uchrashuvda 11 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U ketma-ket sakkizta o‘yinda gol yoki assist bilan ajralib turgan.

«Inter Miami» g‘alabani qo‘ldan chiqardi

Ikkinchi bo‘limda Luis Suares 74-daqiqada «Inter Miami»ni oldinga olib chiqdi. Biroq uchrashuv yakuniga yaqin Dreyer ikkinchi golini urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.

«San Diego» darvozaboni CJ dos Santos so‘nggi olti daqiqada uchta xavfli zarbani qaytarib, Messi va «Inter Miami»ga g‘alaba qozonish imkonini bermadi.

Messi 1000-gollik marraga intilmoqda

930 ta rasmiy golga yetgan Messi faoliyatidagi 1000-gollik ko‘rsatkichga 70 ta gol qoldi. «Inter Miami» esa ushbu durangdan so‘ng ketma-ket to‘rtinchi uchrashuvda g‘alaba qozona olmadi. Jamoa Sharqiy konferensiyada 46 ochko bilan uchinchi o‘rinda turibdi va navbatdagi uchrashuvini 27-sentabr kuni «Columbus Crew»ga qarshi o‘tkazadi.

Avvalroq «Kursiv» Lionel Messi terma jamoani hali tark etmagani haqida yozgan edi.

Shuningdek