Mahallalar uchun «yashil reyting» joriy etiladi

O‘zbekistonda mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha baholaydigan «yashil reyting» tizimini joriy etish taklif qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga «Yashil makon» umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Reytingda nimalar hisobga olinadi?
Mahallalarning «yashil reytingi» bir nechta asosiy mezon asosida shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.
Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ekilgan ko‘chatlarning tutib ketish darajasi hamda aholining ko‘kalamzorlashtirish ishlaridagi ishtiroki baholanadi.
Yuqori natijaga erishgan mahallalarga obodonlashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish hamda «yashil» loyihalar uchun maqsadli mikrograntlar berish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.
Har bir mahalla uchun «yashil xarita» tuziladi
Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joy va sug‘orish tizimi aks etgan «yashil xarita»larni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Ushbu xaritalar aholiga ochiq e’lon qilinishi kerak.
Shuningdek, mahalla raislari bilan birgalikda ko‘chalardagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish belgilandi.
Ko‘chatlar kamida uch yil parvarishlanadi
Yangi yondashuvga ko‘ra, ko‘kalamzorlashtirish faqat daraxt ekish bilan cheklanmaydi.
Jarayon yerni tayyorlash, sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashni ham qamrab oladi.
Prezident ekilgan ko‘chatlarning samaradorligini bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini ta’kidladi.
«3-30-300» tamoyili joriy etilishi mumkin
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda «3-30-300» tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish ham taklif qilindi.
Unga ko‘ra, har bir inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida uchta daraxtni ko‘ra olishi, aholi yashash hududining kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi va uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi kerak.
Dastlab uch hududda loyihalar ishlab chiqildi
Yangi yondashuvlarni sinovdan o‘tkazish uchun Toshkent shahrining Yangihayot tumani, Buxoro viloyatining Olot tumani va Samarqand viloyatining Urgut tumani bo‘yicha alohida loyihalar tayyorlangan.
Yangihayotda mahalla va jamoat bog‘lari, sayr ko‘chalari va sanoat korxonalari atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Olotda cho‘l sharoitiga mos va suvni kam talab qiladigan o‘simliklarga, Urgutda esa tog‘ va tog‘oldi hududlariga mos ko‘kalamzorlashtirishga ustuvorlik beriladi.
«Yashil SI» ishga tushiriladi
Taqdimotda «Yashil SI» modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.
Sun’iy intellekt orqali tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinadi hamda qaysi hududga qaysi daraxt turini ekish bo‘yicha tavsiyalar shakllantiriladi.
Avvalroq «Kursiv» transport sohasiga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edi.