SuperApp: 6 million qozogʻistonlik foydalanadigan ilovani kim rivojlantirmoqda

eʼlon qilindi
Foto Freedom SuperApp tomonidan taqdim etildi

Freedom SuperApp foydalanuvchilari soni ikki yil ichida 6 mln nafarga yetdi. Bank xizmatlari asosida esa sayohat va xaridlardan tortib, aloqa hamda davlat xizmatlarigacha boʻlgan oʻnlab servislar shakllandi. Endi jamoa oldida boshqa vazifa – ularni foydalanuvchi uchun tushunarli ssenariylarga birlashtirish va bunday ssenariylar sonini koʻpaytirish turibdi.

Freedom SuperApp bosh direktori, Freedom Bank boshqaruvchi direktori Vyacheslav Kim «Kursiv»ga bergan intervyusida zamonaviy bank xizmatlari qanday oʻzgarayotgani, tez surʼatlarda rivojlanayotgan ekotizimni qanday boshqarish va raqamli infratuzilmaga ega konservativ sohada startap tezligini qanday saqlab qolish mumkinligi haqida soʻzlab berdi.

Auditoriya oʻsishidan foydalanish darajasigacha

– SuperApp ikki yil ichida 6 mln foydalanuvchiga yetdi. Navbatdagi maqsad nima?

– 2025-yilda biz oʻn barobar oʻsdik, 2026-yilda esa yana 1,5 mln foydalanuvchi qoʻshildi. Bugungi kunda SuperApp ilovasida bank mahsulotlari va investitsiyalardan tortib, sayohat, xaridlar, aloqa hamda davlat xizmatlarigacha boʻlgan 20 dan ortiq servis va 45 ta xizmat mavjud. Ammo biz uchun eng katta yutuq 6 mln foydalanuvchining ishonchidir.

Endi eʼtiborimizni ilovadan foydalanuvchilar sonini oshirishga qaratmoqdamiz. Ilovada oʻnlab imkoniyatlar mavjud boʻlsa-da, asosiy vazifamiz – foydalanuvchini kerakli servisni qidirishga majbur qilmaslik. Shu sababli hozirda biz uchun ikkita asosiy yoʻnalish — Smart Offering va giperpersonalizatsiya, ya’ni har bir mijozga individual yondashuv yaratish muhim. Mijozlar haqidagi ma’lumotlar asosida insonga aynan kerakli vaqtda u uchun zarur boʻlgan servis yoki aniq taklifni koʻrsatishni istaymiz.

Foto Freedom SuperApp tomonidan taqdim etildi

Biz foydalanuvchilarning xatti-harakatlarini tahlil qilamiz: ular qaysi ssenariylardan foydalanadi, qayerda jarayonni toʻxtatadi, ularga nima qulay yoki oʻzgartirish kerak. Bu mijozning ilovadagi yoʻlini yaxshilash, muloqotni yanada moslashtirish va foydalanuvchiga kerakli natijani bermaydigan jarayonlardan bosqichma-bosqich voz kechish imkonini beradi.

Shu bilan birga, bank xizmatlari SuperAppʼning asosiy qismi boʻlib, ular toʻlovlarni amalga oshirish, foydalanuvchini tasdiqlash, ma’lumotlar bilan ishlash va bonus dasturini yuritishni ta’minlaydi. Shu orqali turli xizmatlarni bitta qulay jarayonda birlashtira olamiz. Masalan, foydalanuvchi sayohatga tayyorlanayotganda bir ilovaning oʻzida chipta sotib oladi, sugʻurta rasmiylashtiradi va eSIM ulaydi.

Kelgusida SuperApp barcha foydalanuvchilar uchun bir xil koʻrinishdagi ilova boʻlib qolmasligi kerak. Bir foydalanuvchi uchun ayni paytda sayohat dolzarb boʻlsa, boshqasi uchun investitsiyalar, uchinchisi uchun esa kundalik moliyaviy mahsulotlar muhim boʻlishi mumkin. Masalan, ayni vaqtda investitsiyalarni keng auditoriya uchun ancha sodda va qulay qilish maqsadida investitsiya boʻlimini yangilayapmiz.

Umuman olganda, foydalanuvchilarga individual yondashuvning vazifasi juda oddiy: inson ehtiyoji paydo boʻlishidan uni hal qilishgacha boʻlgan yoʻlni qisqartirish.

– Xizmatdan millionlab odam foydalana boshlaganda nima oʻzgaradi?

Mahsulotga boʻlgan yondashuvimiz deyarli oʻzgarmadi: avval ham har bir qarorni puxta oʻylab qabul qilishga va natija uchun javob berishga harakat qilardik. Ammo mahsulotdan qariyb 6 mln kishi foydalanayotgan paytda har bir qarorning kata ahamiyatga ega. Hatto kichik oʻzgarish ham katta auditoriyaga taʼsir qilishi mumkin.

Shu sababli foydalanuvchilar soni oshgani sari ish jarayonlarini ham yanada tizimli tashkil etish zarur boʻladi. Yangi funksiyalar ishga tushirilishidan oldin koʻproq tekshiruvdan oʻtadi, har bir yoʻnalish boʻyicha mas’uliyat aniq belgilanadi, xavflar va oʻzgarishlar esa yanada qat’iy nazorat qilinadi. Ilgari koʻp narsa ayrim xodimlarning e’tibori va tashabbusiga bogʻliq boʻlgan boʻlsa, endi bu jarayonlarning barchasi aniq tizim asosida ishlaydi.

Foto Freedom SuperApp tomonidan taqdim etildi

Shu bilan birga, jarayonlarni tartibga solish kompaniyaning ishini sekinlashtirib qoʻymasligi ham muhim. Foydalanuvchilar sonining koʻpligi kompaniyaning sekin ishlashi yoki yangi gʻoyalarni sinab koʻrishdan qoʻrqishi kerak degani emas. Bizning vazifamiz – ish sur’ati va tadbirkorlik ruhini saqlab qolish, shu bilan birga inson omilining mahsulot sifatiga ta’sirini kamaytirish.

Men uchun mahsulotning yetukligi xatolar umuman boʻlmasligida emas. Asosiysi – millionlab foydalanuvchilar boʻlgan sharoitda ham tezlik, sifat va masʼuliyatni bir vaqtning oʻzida saqlab qolish.

Oʻnlab xizmatlar qanday qilib yagona SuperAppʼga birlashadi

– SuperApp ichida o‘nlab xizmatlar bo‘lsa, ularni boshqarishni qanday nazoratda ushlab turish mumkin?

– Xizmatlar koʻpaygani sari ularni bir-biridan alohida mahsulot sifatida boshqarish qiyinlashadi. Ekotizimimizdagi har bir xizmatning oʻz jamoasi bor va u oʻz mahsulotini mustaqil rivojlantiradi. Ammo SuperApp ichida barcha xizmatlar yagona qoidalar asosida foydalanuvchining ilovadagi yoʻlidan va interfeysdan tortib, tahlil hamda mijoz bilan muloqotgacha ishlaydi.

SuperApp jamoasining vazifasi – umumiy yondashuv va tajribani shakllantirish, shuningdek, hamkor jamoalarni doimiy ravishda yaxshiroq yechim izlashga undash. Biz mahsulotga foydalanuvchi nigohi bilan qaraymiz: qayerda ortiqcha bosqichni olib tashlash mumkin, jarayonni qanday soddalashtirish, konversiyani oshirish va xizmatni boshqa servislar bilan yaxshiroq bogʻlash mumkin. Yaʼni SuperAppʼga tayyor mahsulotni shunchaki qoʻshib qoʻymaymiz, balki jamoalar bilan birga uni qanday rivojlantirish mumkinligini doimiy izlaymiz.

Hozir bu tajribani xolding miqyosida yagona mahsulot yondashuviga aylantiryapmiz. U umumiy standartlar, vositalar, dizayn tizimi, tahlil va mijozning ilovadagi yoʻli bilan ishlash tamoyillarini oʻz ichiga oladi. Maqsad qoʻshimcha kelishuv bosqichlarini koʻpaytirish emas, balki kompaniyalarga tayyor tajriba va vositalarni berib, oʻz mahsulotlarini tezroq va mustaqilroq rivojlantirishiga yordam berish.

Bunda eng muhim jihat – barcha boʻlinmalar oʻrtasidagi muntazam muloqot. Jamoalar mustaqil ishlaydi, ammo barchasi bitta maqsadga xizmat qiladi: foydalanuvchi qaysi xizmatdan foydalanmasin, SuperAppʼda hammasi tushunarli va qulay boʻlishi kerak.

– SuperAppʼda navbatdagi xizmat qanday tanlanadi?

– Yangi mahsulot yoki foydalanuvchilar orasida talab yuqori boʻlgan ehtiyojni qondirishi, yoki mavjud xizmatlarni mantiqan toʻldirishi kerak. Masalan, eSIM alohida funksiya sifatida emas, balki chipta, sugʻurta va boshqa xizmatlar bilan birga sayohatning bir qismi sifatida ishlaydi.

Ikkinchi mezon – xizmatning ekotizim ichidagi imkoniyati. Biz uning boshqa mahsulotlar bilan qanchalik bogʻliqligini, foydalanuvchi undan qay darajada tez-tez foydalanishini va SuperApp imkoniyatlari — yagona avtorizatsiya, toʻlovlar, ma’lumotlar hamda sodiqlik dasturi orqali xizmatni yanada qulay qilish mumkinligini baholaymiz.

Keyin esa barchasini raqamlar orqali tekshiramiz. Konversiya, foydalanuvchining qayta foydalanishi, foydalanish tez-tezligi, ilovadagi yoʻli va qaysi bosqichda jarayonni tark etishini tahlil qilamiz. Agar xizmatga talab yuqori boʻlsa, uni kengaytirish va boshqa xizmatlar bilan bogʻlash imkoniyatlarini izlaymiz. Aks holda, mahsulotni oʻzgartiramiz yoki uning SuperAppʼdagi rolini qayta koʻrib chiqamiz.

Foto Freedom SuperApp tomonidan taqdim etildi

– Yangi xizmatlardan qaysi biri foydalanuvchilar ehtiyojiga ko‘proq mos tushdi?

– Yaxshi misollardan biri — eSIM. Bu xizmat SuperApp ichida ishga tushirildi va deyarli tashqi reklamasiz ham qisqa vaqt ichida oʻz foydalanuvchilarini topdi. Yoʻnalish tez oʻsdi, chunki u odamlarning real ehtiyojini qulay tarzda hal qiladi. Masalan, safarga tayyorlanayotgan foydalanuvchi eSIMʼni oldindan xarid qilishi, xorijda aloqada qolishi va shu bilan birga kerakli bank hamda boshqa xizmatlardan foydalanishda davom etishi mumkin.

Bu toʻgʻri tanlangan va mavjud xizmatlar bilan yaxshi uygʻunlashgan mahsulotga misol boʻladi. U katta reklama kampaniyasisiz ham rivojlana oladi, chunki foydalanuvchiga aynan kerak boʻlgan paytda taklif etiladi. Ekotizimning afzalligi ham shunda: alohida mahsulot auditoriyani noldan yigʻishi shart emas, chunki SuperAppʼning oʻzi allaqachon millionlab foydalanuvchilarga ega platforma.

eSIM bank ilovasining roli qanday oʻzgarayotganini ham yaxshi koʻrsatadi. Endi foydalanuvchi ilovaga faqat moliyaviy operatsiya uchun kirmaydi – bank uning kundalik ehtiyojlarini hal qiladigan kengroq xizmatlar tizimining bir qismiga aylanmoqda.

– Bank xizmatlari tobora sezilmas bo‘lib bormoqda. Kelajakda bank ilovalari umuman yo‘qolib ketishi mumkinmi?

– Menimcha, bank xizmatlarining oʻzi emas, balki ulardan alohida jarayon sifatida foydalanish kamayadi. Odamlarga baribir toʻlov qilish, pul oʻtkazish, karta va kreditlardan foydalanish kerak boʻladi. Faqat moliyaviy operatsiyalar tobora koʻproq boshqa kundalik ishlarning bir qismiga aylanmoqda.

Masalan, foydalanuvchi chipta sotib oladi, oziq-ovqat buyurtma qiladi, avtoturargoh uchun toʻlaydi yoki sugʻurta rasmiylashtiradi. Bank esa bu jarayonda toʻlovni amalga oshirish, foydalanuvchini tasdiqlash, xavfsizlikni ta’minlash, ma’lumotlar bilan ishlash va bonus dasturini yuritishni oʻz zimmasiga oladi. Natijada foydalanuvchi jarayonning moliyaviy tomoni haqida alohida oʻylamaydi.

Shuning uchun bankning roli kamaymaydi, balki oʻzgaradi. Foydalanuvchi kundalik ishlarini bajarishda bank xizmatini qanchalik kam sezsa, demak, u shunchalik qulay ishlayapti. Bank asta-sekin turli xizmatlarni bir-biriga bogʻlab turadigan asosga aylanmoqda.

Mahsulotni boshqarishda jamoaga qancha erkinlik berish kerak

– Mahsulot rivojida faol qatnashib, jamoa ishiga ortiqcha aralashmaslikning iloji bormi?

– Menimcha, kundalik ish jarayonlaridan butunlay chetda qolib boʻlmaydi. Agar mahsulotdan oʻzing foydalanmasang, qanday yangiliklar ishga tushirilayotganini, foydalanuvchi qayerda qiynalayotganini va bozorda nimalar oʻzgarayotganini koʻrmasang, vaziyatni tushunmay qolish oson.

Shu bilan birga, barcha qarorlarni bir kishining oʻzi qabul qilishi ham toʻgʻri emas. Bizning vazifamiz – kuchli jamoalar tuzish, ularga yetarlicha mustaqillik berish va rahbarning doimiy ishtirokisiz ham qarorlar tez qabul qilinadigan tizim yaratish.

Men uchun bu yerda muvozanat muhim. Mahsulotni yaxshi tushunish, muammoni vaqtida koʻrish yoki jamoaga kerakli savolni bera oladigan darajada jarayonda boʻlish kerak. Ammo siz boʻlmasangiz ish toʻxtab qolsa, demak, tizim toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.

– Ish va shaxsiy hayot oʻrtasidagi muvozanatni qanday saqlaysiz?

– Menimcha, buning sababi qilayotgan ishimni chindan ham yaxshi koʻrishimda. Shunday boʻlsa, ish ma’lum bir vaqtda tugamaydi. Ofisdan chiqasiz, lekin mahsulot, yangi gʻoyalar va yana nimani yaxshilash mumkinligi haqida oʻylashda davom etasiz. Shu sababli men ish va shaxsiy hayotni qat’iy ajratish mumkin degan fikrga unchalik ishonmayman.

Lekin vaqti-vaqti bilan chalgʻib, dam olish ham kerak. Menga sport juda yordam beradi – mashgʻulotdan keyin fikrlash butunlay boshqacha boʻladi.

Oʻzim va yaqinlarim uchun alohida vaqt ajratishga ham harakat qilaman. Shanba kuni deyarli har doim oilam bilan boʻlaman. Yakshanba kuni esa cherkovga boraman va sport bilan shugʻullanaman. Men uchun muvozanat – ish va hayotni ideal tarzda ikkiga boʻlish emas, balki kuch beradigan narsalarga vaqt topish.

Shuningdek