Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 11,7 ming yo‘lovchiga bayonnoma tuzildi

2026-yil 1 – 18-sentabr kunlari Toshkent shahar avtobuslarida chiptasiz yurgan 11 733 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu haqda shahar jamoat transporti tizimi vakillari ma’lum qildi.
Nazoratchilar faoliyati maxsus dasturiy ta’minotlardan olingan ma’lumotlar asosida rejalashtirilmoqda. Bunda yo‘lovchilar soni ko‘p, ammo yo‘l haqi tushumi avvalgi davrga nisbatan kamaygan yo‘nalishlar tanlab olinadi.
Shundan so‘ng inspektorlar ushbu yo‘nalishlarda har kuni maqsadli reydlar o‘tkazadi.
1 – 18-sentabr kunlari avtobuslarda chiptasiz yurgan 11 733 nafar yo‘lovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Mutasaddilar yo‘lovchilarni avtobusga chiqqan zahoti yo‘l haqini to‘lashga chaqirdi. Yo‘l haqi to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar jamoat transporti tizimini rivojlantirish, uning barqaror ishlashini ta’minlash va infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi OTM atrofida 44 mingta avtomobil harakati kamaygani ma’lum qilingandi.