Aeroportlar, pulli yo‘llar va logistika markazlari: transport sohasiga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
Temir yo‘llarga $200 mln yo‘naltirilishi mumkin
Aeroportlar, pulli yo‘llar va logistika markazlari: transport sohasiga $9,1 mlrd investitsiya jalb qilinadi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda 2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga $9,1 mlrd investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini $5,7 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbariga aeroportlar, pulli avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, xalqaro transport yo‘laklari va logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Toshkent va Buxoroda yangi aeroportlar qurilmoqda

Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb $3 mlrd bo‘lgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Yangi Toshkent xalqaro aeroportining dastlabki bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Prezident saytida avvalroq aeroportda 169 ta havo kemasi turargohi va ikkita to‘rt kilometrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi.

Buxoroda esa yangi aerodrom infratuzilmasi qurilmoqda. Yo‘lovchi terminalini barpo etish va boshqarishga xususiy sherik jalb qilish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.

Urganch va Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini esa xususiy operator ishtirokida modernizatsiya qilish loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

Toshkent — Samarqand pulli yo‘li qurilmoqda

Toshkent – Samarqand pulli avtomobil yo‘lining qurilishiga 2026-yil iyulida start berilgan. Loyiha qiymati $2,2 mlrd ekani ma’lum qilingan.

Taqdimotda ushbu loyihaning keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, shuningdek, Toshkent – Andijon va Toshkent – Bo‘stonliq pulli yo‘llari uchun investorlarni aniqlash masalalari muhokama etildi.

Temir yo‘llarga $200 mln yo‘naltirilishi mumkin

Maktaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand va To‘qimachi – Angren temir yo‘l yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish taklif qilindi.

Ushbu ishlarga $200 mln yo‘naltirish orqali temir yo‘l uchastkalarining o‘tkazuvchanligini 25 – 30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Toshkent – Samarqand alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘li va hududlardagi tarmoqlarni elektrlashtirish loyihalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyasida elektrlashtirilgan temir yo‘llar ulushini 65 foizga yetkazish belgilangan.

O‘zbekiston dengiz portlarida logistika infratuzilmasini yaratmoqchi

Oqtau, Turkmanboshi, Boku, Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Poti portida logistika markazini yaratish bo‘yicha bitim imzolangan va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanmoqda. Anakliya portini rivojlantirish hamda Naxichevan orqali Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

17 ta logistika markazi tashkil etish rejalashtirilgan

Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Xonobod, Angren, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termizni transport-logistikaga ixtisoslashtirish ishlari ham davom ettiriladi.

Yuk tashishda yashirin iqtisodiyot ulushi 42 foizdan yuqori

Taqdimotda yuk tashish sohasidagi kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 42 foizdan yuqori ekani aytildi.

Shu sabab yagona raqamli transport tizimi, tashuvchilar reyestri, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi.

Prezident loyihalarning muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent avtobuslarida chiptasiz yurgan 11,7 ming yo‘lovchiga bayonnoma tuzilgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek