Farg‘onada 144 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlandi

Farg‘ona shahrida umumiy qiymati 144 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Farg‘ona shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Beshbola» MFY hududidagi xonadonlardan biri ko‘zdan kechirildi.
1 120 dona «Regapen» olib qo‘yildi
Tekshiruv vaqtida xonadonda 1 120 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi saqlanayotgani aniqlangan.
Ularning umumiy qiymati 144 mln so‘mga baholangan. Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-8-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu modda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadisiz qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq holatlarni nazarda tutadi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Surxondaryoda tuman sanitariya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.