Ijtimoiy himoya agentligi xodimlarining 300 foiz ustama olishiga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlariga 300 foizgacha ustama va 13,6 mln so‘mgacha mukofot berilishi haqida xabarlar tarqaldi. Agentlik bu miqdorlar barcha xodimlarga majburiy tarzda to‘lanmasligini ma’lum qildi.
Gap Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 493-son qarori haqida bormoqda. Hujjat Agentlik tizimidagi muassasalarda budjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish manbalarini kengaytirishga qaratilgan.
300% — eng yuqori chegara
Agentlik izohiga ko‘ra, qarorda ko‘rsatilgan 300 foizgacha, shuningdek, 5 yoki 10 baravargacha bo‘lgan miqdorlar rag‘batlantirishning maksimal chegaralarini anglatadi.
Bu barcha xodimlar aynan shuncha ustama yoki mukofot oladi, degani emas. To‘lov miqdori muassasada shakllangan budjetdan tashqari mablag‘lar va xodimning ushbu mablag‘larni shakllantirishdagi hissasiga qarab belgilanadi.
To‘lovlar davlat budjetidan amalga oshirilmaydi
Shuningdek, o‘qing: To‘qqiz oy davomida qo‘shimcha ustama oladigan o‘qituvchilar ro‘yxati e’lon qilindi
Qarorga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy va ta’lim muassasalarining pullik xizmatlari hamda ishlab chiqarish faoliyatidan tushgan budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan xodimlarni rag‘batlantirish mumkin.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun mehnat terapiyasini tashkil etish, ularning kasbiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan xizmat va ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Agentlik alohida ta’kidlaganidek, davlat budjeti hisobidan barcha xodimlarning lavozim maoshiga 300 foizlik majburiy qo‘shimcha to‘lov joriy etilmaydi. Agar muassasada tegishli budjetdan tashqari mablag‘ shakllanmasa, ushbu manba hisobidan rag‘batlantirish ham amalga oshirilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida xabar berilgandi.