Ma’muriy sudlarga murojaat qilishning yangi shakllari joriy etilishi mumkin

eʼlon qilindi
Sud qarorini bajarmagan mansabdor bo‘yicha prokurorga xabar beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy odil sudlov tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Islohotlar fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tezroq tiklash, davlat organlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish hamda ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy odil sudlov tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Islohotlar fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tezroq tiklash, davlat organlari ustidan sud nazoratini kuchaytirish hamda ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ma’muriy sudlar O‘zbekistonda 2017-yil 1-iyuldan faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan davrda ular qariyb 150 mingta ishni ko‘rib chiqqan, 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan. Mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan esa qariyb 27 mingta xususiy ajrim chiqarilgan.

Sudga murojaat qilishning to‘rtta shakli taklif qilinmoqda

Hozir fuqarolar va tadbirkorlar ma’muriy sudga buzilgan huquqini tiklash bo‘yicha faqat bitta shaklda murojaat qilishi mumkin.

Foto: prezident matbuot xizmati

Yangi islohotlar doirasida sudga murojaat qilishning to‘rtta da’vo shaklini joriy etish taklif qilindi. Bu fuqarolarga huquqi buzilgandan keyingina emas, balki huquqbuzarlik yuz berishidan oldin ham sud orqali himoya choralarini so‘rash imkonini berishi ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda umuman olganda 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ayrim holatlarda sudga muddatsiz murojaat qilish mumkin bo‘ladi

Amaldagi tartibda ma’muriy sudga murojaat qilish uchun olti oylik muddat belgilangan.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, fuqaro davlat organi tomonidan qonunbuzarlik sodir etilganini tan olish masalasi yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Foto: prezident matbuot xizmati

Hokimliklarning normativ hujjatlari ustidan ham shikoyat qilish taklif qilindi

Amaldagi tartibda mahalliy davlat hokimiyati organining normativ-huquqiy hujjati fuqaro huquqini buzgan taqdirda, ushbu hujjatni ma’muriy sudda bevosita nizolash imkoniyati mavjud emas.

Yangi tartib doirasida fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy sudga shikoyat qilish huquqini berish taklif etildi.

Davlat organlarining qarorlari mutanosiblik bo‘yicha ham tekshiriladi

Konstitutsiyaning 20-moddasida davlat organlari shaxsga nisbatan qo‘llaydigan huquqiy ta’sir choralari mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, ma’muriy sudlarga davlat organlari o‘z diskretsion vakolatlaridan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vakolatini berish rejalashtirilmoqda.

Bu sudlarga faqat qarorning qonuniyligini emas, balki qo‘llangan chora maqsadga muvofiq darajada mutanosib bo‘lganini ham baholash imkonini berishi mumkin.

Foto: prezident matbuot xizmati

Sud qarorini bajarmagan mansabdor bo‘yicha prokurorga xabar beriladi

Sud qarorlarining ijrosini kuchaytirish bo‘yicha ham yangi mexanizm taklif qilindi.

Unga ko‘ra, davlat organi mansabdor shaxsiga sud qarorini bajarmagani uchun jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.

Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yangi mexanizmlar inson huquqlarini samarali tiklash, davlat organlarining mas’uliyatini oshirish va sud qarorlarining muqarrar ijrosini ta’minlashga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» sud ishlariga aralashganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek