Maosh 1,5 ming yevrogacha: o‘zbekistonliklar Serbiyaga ishga taklif qilinmoqda

O‘zbekistonliklar Serbiyada o‘tkaziladigan EXPO 2027 xalqaro ko‘rgazmasi doirasidagi qurilish obyektlari va ishlab chiqarish sohalarida ishlash uchun taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Ish haqi 700 yevrodan boshlanadi
Ish haqi bajariladigan ish turi, mutaxassislik va nomzodning malakasiga qarab oyiga 700 yevrodan 1 500 yevrogacha etib belgilangan. Ish beruvchi xodimlarni turar joy va oziq-ovqat bilan bepul ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotga va tegishli ish tajribasiga ega qurilish hamda elektr muhandislari uchun alohida vakansiyalar mavjud. Ular uchun ish haqi 1 500 yevrodan boshlanadi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi
Ishga 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi. Nomzod rus yoki ingliz tilini kamida boshlang‘ich yoki muloqot darajasida bilishi, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun sog‘lom bo‘lishi kerak.
Ishga qabul qilish jarayonida nomzodning malakasi, ish tajribasi va ish beruvchining talablari inobatga olinadi.
Ariza qanday topshiriladi
Nomzodlar o‘z ish faoliyatini aks ettiruvchi 30 soniyalik videorolikni Telegram orqali EXPO SERBIA botiga yuborishi kerak. Arizalar aynan shu bot orqali qabul qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» Yaponiyada o‘zbekistonlik haydovchilar uchun yangi ish dasturi boshlangani haqida yozgan edi.