Oq uy «Trump TV» nomli 24 soatlik kanalni ishga tushirdi

eʼlon qilindi
Taqdimot roligi mualliflik huquqi bo‘yicha savollar tug‘dirdi
Oq uy «Trump TV» nomli 24 soatlik kanalni ishga tushirdi
Foto: You Tube

AQSh Oq uyi prezident Donald Tramp ma’muriyati faoliyatiga bag‘ishlangan «Trump TV» nomli 24 soatlik onlayn kanalni ishga tushirdi. Kanal Oq uyning rasmiy saytida va YouTube’da namoyish etilmoqda.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, kanal orqali ma’muriyatning so‘nggi tadbirlari, bayonotlari va avvalgi muhim voqealardan lavhalar bir joyda namoyish qilinadi.

Kanal OAV bilan mojaro fonida ishga tushirildi

«Trump TV» ishga tushirilishi CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqi bekor qilinganidan ko‘p o‘tmay yuz berdi. Tramp bu uch OAVni uning ma’muriyati haqida yolg‘on xabarlar tarqatishda ayblagan.

CNN, MS NOW va Politico esa ushbu qaror AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishida belgilangan matbuot erkinligi huquqlarini buzishini da’vo qilib, Tramp ma’muriyatini sudga berdi.

Mazkur qarordan keyin ABC, CBS, Fox News, NBC va CNN kabi yirik telekanallar Oq uy televideniye pulidagi umumiy yoritishni vaqtincha to‘xtatdi.

«Trump TV» nimalarni namoyish qiladi

Oq uy kanalni ma’muriyat faoliyatining «eng yaxshi lavhalari, bayonotlari hamda eng yangi va muhim voqealari»ni namoyish qiluvchi platforma sifatida taqdim etgan.

Rasmiy saytda «Trump TV 24/7» alohida kanal sifatida ko‘rsatilgan. Oq uyning videolar bo‘limida esa uning taqdimot roligi va «The Essentials Station» nomli alohida translyatsiya joylashtirilgan.

Taqdimot roligi mualliflik huquqi bo‘yicha savollar tug‘dirdi

Euronews ma’lumotiga ko‘ra, «Trump TV»ning reklama videosida «Seinfeld», «Breaking Bad», «Family Guy», «SpongeBob SquarePants», «Friends» va «The Simpsons» kabi seriallardan, shuningdek, «Home Alone» va «The Dark Knight» filmlaridan lavhalar ishlatilgan.

Nashr Warner Bros., Fox, Sony Pictures Television va Disney kabi huquq egalari materiallaridan foydalanilgani sababli, bunday lavhalar uchun ruxsat olingan-olinmagani yuzasidan savollar paydo bo‘lganini qayd etdi. Hozircha huquqiy da’volar kelib tushgani haqida ma’lumot yo‘q.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan CNN, MS NOW va Politico Tramp ma’muriyatini sudga bergani haqida yozgan edi.

Shuningdek