O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish quvvati 2030-yilgacha 46,1 GVtga yetkaziladi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 46,1 GVtga, 2035-yilga kelib esa 57,2 GVtga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish rejalari doirasida ma’lum qilindi.
Rejaga ko‘ra, 2030-yilda mamlakatda yiliga qariyb 129 mlrd kVt/soat, 2035-yilda esa 154,7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Elektr iste’moli keskin oshishi kutilmoqda
2030-yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini $300 mlrdga yetkazish maqsad qilingan, aholi soni esa 41 mln kishidan oshishi kutilmoqda.
Sanoatning o‘zida elektr energiyasi iste’moli hozirgi 38 mlrd kVt·soatdan 53,5 mlrd kVt·soatgacha oshishi prognoz qilinmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillar va data-markazlar rivojlanishi ham energetika tizimiga qo‘shimcha yuklama beradi.
Shu sababli elektr ishlab chiqarish quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, tarmoqlarning o‘tkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini yaratish zarurligi qayd etildi.
Energiya saqlash bo‘yicha 26 ta loyiha shakllantirilgan
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi oshgani sari elektr energiyasini saqlash tizimlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
Hozir umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan 26 ta energiya saqlash loyihasi shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida.
Bunday tizimlar quyosh va shamol stansiyalarida kunduzi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, kechki yuqori iste’mol davrida tarmoqqa uzatish imkonini beradi.
2030-yilgacha ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.
5 ming kilometr yangi elektr tarmog‘i quriladi
Generatsiya quvvatlarini oshirish bilan birga magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.
2030-yilgacha 9 ta 220 kV va 7 ta 500 kV yangi podstansiya qurish, qariyb 5 ming kilometr yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan.
2027–2029-yillarda esa bir qator strategik 500 kV elektr uzatish liniyalari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda qishda yetarlicha isitilmagan uylar tekshirilayotgani haqida yozgan edi.