O‘zbekistonda energetika loyihalarini tanlash tizimi o‘zgaradi

O‘zbekistonda energetika sohasidagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va investorlarni tanlash tizimini tubdan o‘zgartirish taklif qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish rejalari doirasida muhokama qilindi.
Yangi modelga ko‘ra, loyihalar avvalo investor tashabbusidan emas, balki iqtisodiyot, aholi va hududlarning kelajakdagi energiya ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Avval talab aniqlanadi, keyin investor tanlanadi
Amaldagi tizimda ko‘plab energetika loyihalari investor tashabbusi bilan boshlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tarif va investitsiya bitimlari esa turli idoralar bilan alohida kelishiladi.
Bu jarayonlarning cho‘zilishi, idoralar funksiyalarining takrorlanishi va ayrim loyihalarning energetika tizimi ehtiyojlari bilan yetarlicha bog‘lanmasligiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Yangi modelda avval elektr energiyasiga bo‘lgan talab aniqlanadi. Shundan so‘ng zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi.
Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyorlangan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov orqali aniqlanadi.

Vazirlik va idoralarning vazifalari ajratiladi
Yangi tizimda Iqtisodiyot va moliya vazirligi energiyaga bo‘lgan talab prognozini shakllantiradi.
Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun, Energetika bozori regulyatori esa bozor munosabatlari hamda tariflarni tartibga solish uchun javob beradi.
Investitsiyalar uchun mas’ul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.
Shuningdek, har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif qilindi.
Qoraqalpog‘istonda 1 GVtli data-markazlar tashkil etilishi mumkin
Taqdimotda Qoraqalpog‘istonning qayta tiklanuvchi energiya salohiyatidan raqamli iqtisodiyot uchun foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Hududdagi istiqbolli shamol elektr stansiyalarini jami 1 GVt quvvatga ega data-markazlar bilan bog‘lash taklif etildi.
Buning uchun yangi 220 kV podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish rejalashtirilmoqda.
Mazkur infratuzilma data-markazlarni energotizimga ulash, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb qilish va hududning energetika salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.
2050-yilgacha energetika konsepsiyasi ishlab chiqiladi
Uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonni 2050-yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Unda milliy resurslar, aholi va iqtisodiyot o‘sishi, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligi masalalari hisobga olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish quvvati 2030-yilgacha 46,1 GVtga yetkazilishi haqida yozgan edi.