Samarqand yetakchi: tadbirkorlar uchun kredit olishga mo‘ljallangan platforma ishga tushirildi

eʼlon qilindi
Hozir tizim sinov rejimida ishlamoqda
Rasm: SI / Sapura Temirxanova

Tadbirkorlar uchun bank kreditlarini yagona platforma orqali olish imkonini beruvchi TadbirCore.uz 1-oktabrdan to‘laqonli ishga tushiriladi. Hozir tizim sinov rejimida ishlamoqda va unga 23 ta bank ulangan. 1-iyundan 17-sentabrgacha platforma orqali 415,7 mlrd so‘mlik 1 005 ta kredit ajratilgan.

Bu haqda Simple Smart Systems direktori Shuxratbek Kurbanov platforma taqdimotida ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv uzbekistan muxbiri. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Markaziy bank tashabbusi bilan yaratilgan bo‘lib, asosiy maqsad kichik va mikrobiznes uchun kredit olish jarayonini soddalashtirish hamda banklar o‘rtasidagi raqobatni oshirishdan iborat.

Tadbirkor platformaga elektron raqamli imzo orqali kirib, kerakli kredit miqdori, muddati va maqsadini ko‘rsatadi. Alohida hujjatlar to‘plash talab qilinmaydi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Kurbanovning aytishicha, platforma 22 ta davlat axborot tizimidan zarur ma’lumotlarni avtomatik oladi. Shundan so‘ng ariza banklarning talablariga mos ravishda taqsimlanadi.

«Oldingidek bitta bankka borish o‘rniga, tadbirkor bitta ariza beradi va hozir u o‘rtacha 10 ta bankka avtomatik ravishda yuboriladi», — dedi Shuxratbek Kurbanov.

Hozir platformada 23 ta bank ishtirok etmoqda. Banklar ariza bo‘yicha uch sutka ichida kredit taklifini berishi yoki rad etish sababini ko‘rsatishi kerak.

Tadbirkor kelgan takliflarni foiz stavkasi, muddat, garov va boshqa shartlar bo‘yicha solishtirib, o‘zi uchun ma’qul variantni tanlay oladi.

Uch yarim oyda 415,7 mlrd so‘mlik kredit ajratildi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Platformaning 1-iyundan 17-sentabrgacha bo‘lgan dastlabki natijalariga ko‘ra, banklarga jami 3,3 mingga yaqin ariza yuborilgan.

Ulardan 1 005 tasi bo‘yicha kredit ajratilgan. Konversiya darajasi 31 foizni tashkil etgan. Ajratilgan kreditlarning umumiy hajmi 415,7 mlrd so‘mga yetgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Samarqand viloyatidan kelib tushgan. Ajratilgan kreditlarning qariyb 20 foizi ham Samarqand hissasiga to‘g‘ri keladi.

Platformadagi kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23,9%, o‘rtacha muddati esa 37,4 oyni tashkil qilgan.

Iyun oyida 266 ta kreditga 126,8 mlrd so‘m, iyulda 420 ta kreditga 169,7 mlrd so‘m, avgustda 224 ta kreditga 88,8 mlrd so‘m ajratilgan. 1–17-sentabr kunlari esa 95 ta kreditning umumiy qiymati 30,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kurbanovning aytishicha, pilot davrida platforma orqali kredit olish muddati o‘rtacha 1,5 kun bo‘lgan.

Tadbirkorlar uchun platforma bepul qoladi

TadbirCore.uz’dan foydalanish biznes vakillari uchun bepul bo‘ladi. Banklar ham dastlabki bir yil davomida platformadan bepul foydalanadi.

«Tadbirkorlar hech qachon to‘lamaydi. Bir yildan keyin ham, 10 yildan keyin ham to‘lamaydi. Maqsad — kredit olish jarayonini osonlashtirish», — dedi Kurbanov.

Uning ta’kidlashicha, tizim kredit talablariga javob beradigan, biroq hujjatbozlik yoki bankka borish imkoniyati cheklangani sabab moliyalashtirishga erisha olmayotgan kichik biznes vakillariga yordam berishga qaratilgan.

Mobil ilova va yangi xizmatlar paydo bo‘ladi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Platformani rivojlantirishning keyingi bosqichida mobil ilovani ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda arizalar holati va bank takliflarini telefondan kuzatish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Telegram orqali mos kredit mahsulotini tanlash va ariza bo‘yicha muhim voqealar haqida xabarnoma olish imkoniyati yaratiladi.

Kelgusida kredit mahsulotlari va platforma ishtirokchilari sonini ko‘paytirish ham rejalashtirilgan. Rad javobi berilgan taqdirda esa tizim tadbirkorga qaysi mezon talabga mos kelmaganini ko‘rsatib, nimani yaxshilash mumkinligi bo‘yicha ma’lumot berishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-oktabrdan bojxonada tadbirkorlar uchun yangi yengilliklar joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek