Toshkent metrosida yoʻlovchilar soni boʻyicha yangi rekord qayd etildi

eʼlon qilindi
Yangi koʻrsatkich avvalgisidan qariyb 48,5 ming yoʻlovchiga koʻp
«Novza» metrosi
Foto: Toshkent metropoliteni

Toshkent metropolitenida yoʻlovchi tashish boʻyicha yangi rekord qayd etildi. 14-sentabr kuni metro xizmatlaridan 1 mln 165,5 ming nafar yoʻlovchi foydalandi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» AJ maʼlum qildi.

Avvalgi rekord 2026-yil 8-may kuni oʻrnatilgan edi. Oʻsha kuni metrodan 1 mln 117 mingdan ortiq kishi foydalangan. Yangi koʻrsatkich avvalgisidan qariyb 48,5 ming yoʻlovchiga koʻp boʻldi.

Yoʻlovchilar oqimi nega oshdi

Metropoliten maʼlumotiga koʻra, yoʻlovchilar sonining keskin koʻpayishiga oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yilining boshlanishi va jamoat transportiga talabning oshishi taʼsir qilgan.

Mutaxassislar metrodagi yoʻlovchilar oqimi yaqin oylar davomida ham yuqori boʻlishini kutmoqda. Xususan, oktabr oyida kunlik yoʻlovchilar soni 1,2 mln nafarga yetishi prognoz qilingan.

1,2 millioninchi yoʻlovchiga sovgʻa berilishi mumkin

«Toshkent metropoliteni» 1 mln 200 minginchi yoʻlovchini aniqlab, unga maxsus imtiyoz yoki sovgʻa taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Yoʻlovchilar oqimining ortishi fonida metro vagonlari parkini yangilash ishlari ham davom etmoqda. 2026-yilda xarid qilinishi rejalashtirilgan 14 ta zamonaviy harakat tarkibining barchasi metropoliten parkiga yetkazib berilgan.

Metropoliten maʼmuriyati yoʻlovchilar oqimini muntazam kuzatib, poyezdlar harakatini real yuklamaga qarab muvofiqlashtirib borayotganini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Toshshahartransxizmat» haydovchilar maoshi bo‘yicha e’tirozlarga izoh bergan edi.

Shuningdek