«Toshkent» Respublika fond birjasi modernizatsiya uchun takliflar qabul qilishni boshladi

eʼlon qilindi
36 ta xalqaro kompaniyaga so‘rov yuborilgan
«Toshkent» Respublika fond birjasi modernizatsiya uchun takliflar qabul qilishni boshladi
Foto: uzse.uz

«Toshkent» Respublika fond birjasi kapital bozori texnologik infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar so‘rovini e’lon qildi. Avvalroq birja aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida amaldagi dasturiy ta’minotni almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

36 ta xalqaro kompaniyaga so‘rov yuborildi

Mazkur qaror ijrosi doirasida birja Request for Proposal — RFP formatida mahalliy va xorijiy texnologik kompaniyalardan texnik hamda tijorat takliflarini qabul qilishni boshladi.

RFP doirasida Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Afrika bozorlarida faoliyat yurituvchi 36 ta xalqaro texnologik vendorga ham taklif taqdim etish bo‘yicha so‘rov yuborildi.

Birja bu orqali xalqaro tajribani o‘rganish va o‘z texnologik talablariga eng mos yechimni tanlashni rejalashtirmoqda.

Qaysi tizimlar yangilanadi

Loyiha kapital bozorining asosiy texnologik tizimlarini kompleks yangilashni nazarda tutadi.

Xususan, savdo tizimi, kliring va hisob-kitoblar tizimi, brokerlik tizimi, bozor nazorati tizimi, shuningdek, birlamchi bozor va buyurtmalarni shakllantirish moduli modernizatsiya qilinadi.

Takliflar qanday baholanadi

Kompaniyalarning takliflari dasturiy ta’minotning funksional imkoniyatlari va ishlash samaradorligi bo‘yicha baholanadi.

Shuningdek, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash shartlari, tizimlarni Fond bozorining axborot-resurs markazi infratuzilmasida joylashtirish va ularni mustaqil boshqarish imkoniyati ham hisobga olinadi.

Arizalar 10-oktabrgacha qabul qilinadi

Loyihada qatnashmoqchi bo‘lgan kompaniyalar 2026-yil 10-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 gacha to‘liq texnik va tijorat takliflarini taqdim etishi kerak.

Texnik baholash bosqichidan o‘tgan kompaniyalar esa 2026-yil 31-dekabrgacha taklif qilayotgan tizimining amaliy namoyishini o‘tkazishi lozim.

Batafsil ma’lumot va RFP hujjatlarini info@uzse.uz hamda a.tyan@uzse.uz elektron pochta manzillari orqali olish mumkin.

Avvalroq «Kursiv» «O‘zbektelekom» aksiyalari bir haftada qariyb 60 foizga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek