Andijonda 9,4 mlrd dollarlik 206 ta loyiha ishga tushirildi va qurilishi boshlandi

Andijon viloyatida umumiy qiymati $9,4 mlrd bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi marosimda $2,05 mlrdlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, yana $7,35 mlrdlik 108 ta loyihaning qurilishiga start berildi.
Loyihalar viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanini qamrab oladi. Ular energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi.
45 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi

Yangi loyihalar doirasida paxta-to‘qimachilik klasterlari, energiyani saqlash va taqsimlash tizimlari, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi.
Shuningdek, zamonaviy ta’lim va tibbiyot markazlari, turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi hamda chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona barpo etilishi rejalashtirilgan.
Loyihalar to‘liq ishga tushgach 45 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yiliga 60,6 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va $533 mlnlik eksport imkoniyati shakllanishi kutilmoqda.
Xorijiy investorlar ham qatnashmoqda

Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, BAA va Tojikiston kompaniyalari, shuningdek, mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Marosim yakunida Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirdi va 108 ta obyekt qurilishiga start berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Andijonda 1,1 trln so‘mlik aeroport rekonstruksiyasi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.