AQSh Grenlandiyada ikkita yangi harbiy baza ochadi

eʼlon qilindi
Tramp avval Grenlandiyani nazorat qilish istagini bildirgan
AQSh Grenlandiyada ikkita yangi harbiy baza ochadi
Foto: Chip Somodevilla/Getty Images/AFP

AQSh, Daniya va Grenlandiya Arktika hamda Shimoliy Atlantikada xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan uch tomonlama kelishuvni imzoladi. Hujjat AQShning Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi.

Kelishuv 22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen tomonidan imzolandi.

Grenlandiyada ikkita harbiy baza tashkil etiladi

Kelishuvga ko‘ra, AQSh Grenlandiya janubidagi Narsarsuaqda harbiy bazani qayta tiklaydi. Yana bir baza orolning sharqiy sohilidagi Mestersvig hududida tashkil etiladi.

Shuningdek, AQShga Grenlandiyadagi Kosmik kuchlar bazasidagi faoliyatini modernizatsiya qilish va kengaytirishga ruxsat beriladi.

Hujjat AQSh harbiylariga Grenlandiya hududi va uning hududiy suvlarida kengroq harakatlanish imkoniyatini ham beradi. NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlarning Grenlandiyada harbiy obyektlar yaratishi yoki doimiy harbiy ishtirokini yo‘lga qo‘yishi esa tomonlarning roziligisiz cheklanadi.

Daniya va Grenlandiya suvereniteti saqlanib qoladi

Kelishuvda Daniya va Grenlandiyaning suvereniteti hamda hududiy yaxlitligi yana bir bor tasdiqlangan. Oq uy hujjatni AQShning Arktikadagi xavfsizlik manfaatlarini uzoq muddatga mustahkamlovchi kelishuv sifatida taqdim qildi.

Nilsen kelishuvni tomonlar uchun o‘zaro manfaatli deb baholadi.

Tramp avval Grenlandiyani nazorat qilish istagini bildirgan

Kelishuv Tramp Grenlandiya ustidan AQSh nazoratini o‘rnatish istagini bir necha bor bildirganidan keyin imzolandi. Grenlandiya Daniya qirolligi tarkibidagi keng avtonomiyaga ega hudud hisoblanadi.

DW ma’lumotiga ko‘ra, AQSh, Daniya va Grenlandiya vakillari xavfsizlik masalalari bo‘yicha bir necha oy davomida muzokara olib borgan.

Grenlandiya Arktikadagi strategik joylashuvi, yangi dengiz yo‘llari va tabiiy resurslari tufayli xalqaro siyosatda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozir AQShning oroldagi asosiy harbiy obyekti Grenlandiya shimoli-g‘arbidagi Pituffik kosmik bazasi bo‘lib, u yerda qariyb 200 nafar harbiy xizmatchi xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oq uy «Trump TV» nomli 24 soatlik kanalni ishga tushirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek