Asakada 51,8 mlrd so‘mlik ekoturizm majmuasi barpo etildi

eʼlon qilindi
Yiliga 80 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatiladi
Asakada 51,8 mlrd so‘mlik ekoturizm majmuasi barpo etildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Andijon viloyatining Asaka tumanida 192 gektar maydonni egallagan zamonaviy ekoturizm majmuasi tashkil qilindi. Loyiha qiymati 51,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni «Yangi hayot» hududida barpo etilgan majmuaga tashrif buyurdi.

475 ta ish o‘rni yaratildi

Majmua ishga tushirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 275 ta doimiy va 200 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Loyiha Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Hududda to‘rtta kapsula shaklidagi zamonaviy dam olish uyi va milliy uslubdagi beshta o‘tov o‘rnatilgan. Shuningdek, oilaviy restoran, turli attraksionlar va tungi yoritish tizimi tashkil etilgan.

Foto: prezident matbuot xizmati

30 gektarda daraxtlar ekildi

Majmuaning 30 gektar maydonida manzarali daraxtlar va archalar ekilgan. Hududda 14 ming kub metr sig‘imga ega membranali suv havzasi qurilgan. Daraxt va ekinlarni sug‘orish to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bog‘da yetishtiriladigan uzumni eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Yiliga 80 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatiladi

«Uzum bog‘i» majmuasi to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 80 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatishi kutilmoqda. Shuningdek, mahalliy budjetga yiliga 3 mlrd so‘m tushum ta’minlanishi rejalashtirilgan. Majmuani 2026-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Dronlar shousi namoyish etildi

Tashrif davomida Mirziyoyev viloyat faollari va mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi. Muloqotda Andijonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni obodonlashtirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida madaniy dastur va dronlar shousi namoyish etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oltinko‘lda paxta hosildorligi ikki baravarga oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek