Baliqchida yiliga 500 ming dona sport anjomi ishlab chiqariladi

eʼlon qilindi
800 ta oila kasanachilikka jalb qilingan
Baliqchida yiliga 500 ming dona sport anjomi ishlab chiqariladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi «LB Sport» korxonasida xalqaro standartlarga mos sport anjomlari ishlab chiqarilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni korxona faoliyati va ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 25 mlrd so‘m

«LB Sport» korxonasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 25 mlrd so‘mni tashkil etadi. Loyiha to‘liq tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Korxonada 18 ta sport turi bo‘yicha 65 xil mahsulot ishlab chiqariladi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 500 ming dona bo‘lib, tayyorlanadigan sport anjomlarining umumiy qiymati 75 mlrd so‘mga yetadi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Eksport hajmi $3 mln

Korxona mahsulotlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDHning boshqa davlatlariga eksport qilinmoqda. Yillik eksport hajmi $3 mlnni tashkil etadi.

Korxona 20 dan ortiq sport federatsiyasi bilan hamkorlik qilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijiy muqobillari bilan raqobatlasha olishi va narxi nisbatan arzon ekani qayd etilgan.

800 ta oila kasanachilikka jalb qilingan

Korxona Baliqchi tumanidagi 800 ta kam daromadli oila bilan kasanachilik asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Kasanachilarning 90 foizini ayollar, 65 foizini esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Mazkur tizim orqali aholiga o‘z uyida ishlash va barqaror daromad olish imkoniyati yaratilgan.

100 nafar o‘quvchi dual ta’limda o‘qimoqda

Korxonada ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Baliqchi tumanidagi 1 va 2-son texnikumlarning 100 nafar o‘quvchisi dual ta’lim asosida tahsil olayotir. Ular nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oltinko‘lda 28 mln dollarlik charm-poyabzal sanoat zonasi rivojlantirilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek