Erdoʻgʻon BMT Xavfsizlik Kengashida veto huquqini bekor qilishga chaqirdi

eʼlon qilindi
Bmt
Uning fikricha, xalqaro inqirozlar bo‘yicha qarorlar bir necha davlatga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak
Foto: Bloomberg

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish va doimiy aʼzolarning veto huquqini bekor etishga chaqirdi. Uning fikricha, xalqaro inqirozlar boʻyicha qarorlar bir necha davlatga bogʻliq boʻlib qolmasligi kerak.

Erdoʻgʻon Xavfsizlik Kengashining amaldagi tuzilmasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi kuchlar nisbatini aks ettirishini va bugungi sharoitga mos kelmasligini taʼkidladi. U veto huquqini boshqa mamlakatlarga ham berish emas, balki uni bekor qilish islohotning asosiy maqsadi boʻlishi kerakligini bildirdi.

Gʻazodagi vaziyatni keskin tanqid qildi

BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishida Turkiya rahbari Gʻazodagi vaziyatga ham alohida toʻxtaldi. U Gʻazoni «davrimizning eng uyatli qirgʻini» deb atab, BMTning xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikni taʼminlashdagi imkoniyatlari zaiflashayotganini aytdi.

Erdoʻgʻonning soʻzlariga koʻra, soʻnggi 12 oy ichida dunyoda 60 dan ortiq nizo va urushlar kuzatilgan. U Falastin, Sudan va boshqa mojaro hududlaridagi vaziyat xalqaro tizimga ishonchni pasaytirayotganini qayd etdi.

Turkiya prezidenti BMT Bosh Assambleyasi doirasida kengroq koalitsiya shakllantirish va Xavfsizlik Kengashi bilan Bosh Assambleya oʻrtasidagi muvozanatni qayta koʻrib chiqish zarurligini ham bildirdi.

Ma’lumot uchun, veto huquqi – BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolariga rezolyutsiya yoki qaror loyihasini bir ovoz bilan toʻxtatib qoʻyish imkonini beruvchi vakolat. Hozirda bu huquqqa AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek