Istanbulda o‘zbekistonlik ayol dori vositasidan zaharlanib vafot etdi

2026-yil 19-sentabr kuni Istanbul shahrida O‘zbekiston fuqarosi Mohirano Meliyeva farmatsevtik vositadan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, u kasallik davrida uy sharoitida norasmiy shifokorlar yordamida davolangan.
Davolanish vaqtida qabul qilingan dori vositalarining nojo‘ya ta’siri tufayli bemorning ahvoli og‘irlashgan. Uning qonida infeksiya rivojlanib, organizmida kuchli reaksiya kuzatilgan.
Shifoxonaga kech olib borilgan
Ma’lumotga ko‘ra, bemorning ahvoli og‘irlashganiga qaramay, bir muddat uy sharoitida davolash davom ettirilgan.
Keyinchalik u Marmara shifoxonasiga olib borilgan. U yerda jonlantirish bo‘limiga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagani sabab Kartal tuman shifoxonasiga ko‘chirilgan.
Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Shuningdek, o‘qing: Turkiyada to‘rtinchi qavatdan tushib ketgan o‘zbekistonlik ayol vafot etdi
Jasad O‘zbekistonga qaytarildi
Marhumaning jasadi O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi hamkorligida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarni dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilmaslikka va malakasi tasdiqlanmagan shaxslar yordamida davolanmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, o‘qing: Turkiyada o‘ldirilgan yana bir ayolning jasadi O‘zbekistonga olib kelindi
Sog‘liq keskin yomonlashgan taqdirda esa imkon qadar tez rasmiy tibbiyot muassasasiga murojaat etish tavsiya qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbuldagi baxtsiz hodisada 6 yoshli O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, hodisa Fotih tumani, Laleli mavzesidagi tramvay bekatida sodir bo‘lgan. Vafot etgan 6 yoshli bola ota-onasi va yaqinlari bilan Turkiyaga sayyoh sifatida kelgan.