Jahon banki: Oʻzbekistonda toʻrt yilda 3,7 mln kishi kambagʻallikdan chiqdi

eʼlon qilindi
O‘rta qatlam ulushi 2025-yilda 72 foizdan oshdi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2021 – 2025-yillarda Oʻzbekistonda qariyb 3,7 mln kishi kambagʻallikdan chiqdi. Bu haqda 23-sentabr kuni Toshkentda taqdim etilgan Jahon bankining Oʻzbekistondagi kambagʻallik va tenglikka bagʻishlangan yangi hisobotida maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Hisobot Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan. Shu davrda mamlakatda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 5,8 foizgacha kamaygan.

Jahon banki hisob-kitobiga koʻra, yuqori oʻrta daromadli mamlakatlar uchun belgilangan kambagʻallik chegarasi asosida Yevropa va Markaziy Osiyoda kuzatilgan umumiy qisqarishning qariyb 40 foizi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelgan.

Qishloq joylarda kambagʻallik tezroq kamaygani sabab shahar va qishloq oʻrtasidagi tafovut ham deyarli yoʻqolgan. Shunga qaramay, yuqori maoshli ish oʻrinlari va yuqoriroq turmush darajasiga erishish imkoniyatlari hududlar boʻyicha bir xil taqsimlanmagan. Ularning katta qismi Toshkent va ayrim yirik shaharlarda jamlangan.

Oʻzbekiston aholisining 72 foizdan ortigʻi oʻrta qatlamga kirdi

Hisobotga koʻra, Oʻzbekistonda oʻrta qatlam ulushi 2021-yildagi 37 foizdan 2025-yilda 72 foizdan oshgan. 2019 – 2024-yillarda aholining 44 foizi yuqoriroq iqtisodiy toifaga oʻtgan.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Joʻrayevning aytishicha, xalqaro ekspertlar qariyb oʻn yil avval Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini taxminan 35 foiz deb baholagan.

«2025-yil oxiriga kelib bu koʻrsatkich 5,8 foizgacha, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida esa 3,9 foizgacha kamaydi. Oʻzbekiston 2020-yilda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida kambagʻallik darajasini 2026-yilgacha ikki baravar kamaytirish majburiyatini olgan edi. Bu maqsadga belgilangan muddatdan oldin — 2025-yilning birinchi yarmidayoq erishildi. Natijada Oʻzbekiston kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan beshta davlat qatoriga kirdi», – deya ta’kidladi Joʻrayev.

Kambagʻallik kamayishiga bandlik va ish haqi oʻsishi ta’sir qildi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Jahon banki kambagʻallikning qisqarishida bandlik va ish haqi oʻsishini asosiy omillar sifatida koʻrsatgan. Bu ikki omil kambagʻallik darajasini jami 9 foiz punktga, ijtimoiy sugʻurta esa yana 2 foiz punktga kamaytirishga hissa qoʻshgan.

Kam daromadli ishchilarning real ish haqi yiliga kamida 11-12 foizga oshgan. Eng kambagʻal uy xoʻjaliklaridagi erkaklarning maoshli ish bilan bandlik darajasi esa 2022 – 2025-yillarda 18 foizdan 46 foizgacha koʻtarilgan.

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy amaliyot direktori Abebe Adugna ushbu natijalarda iqtisodiy oʻsishning aholi bandligi va daromadlariga taʼsiri muhim boʻlganini aytdi.

«Ushbu salmoqli natijalar iqtisodiy oʻsish ish oʻrinlari yaratilishi va uy xoʻjaliklari daromadlarining oshishiga olib kelganda nimalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi», – dedi u.

Avvalroq Kursiv Oʻzbekistonda 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida kambagʻallik darajasi 3,9% gacha kamaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek