Netflix aksiyalari YouTube raqobati fonida bosim ostida qoldi

HSBC Netflix aksiyalari bo‘yicha tavsiyasini «sotib olish»dan «ushlab turish»ga tushirdi va maqsadli narxni $96 dan $76 gacha pasaytirdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, yangi target Netflix aksiyalarining so‘nggi yopilish narxidan atigi 3,5% yuqori.
YouTube’ning ulushi oshmoqda
HSBC tahlilchisi Mohammed Xalluf fikricha, YouTube televizor ekranlarida o‘z ishtirokini jadal kengaytirmoqda va bu Netflix pozitsiyalariga bosim qilmoqda.
Uning qayd etishicha, Netflix’ning AQShda televizor tomosha qilish uchun sarflanadigan umumiy vaqtdagi ulushi bir necha yillik minimumga tushgan.
Tahlilchining baholashicha, Google’ga tegishli YouTube Netflix’ning original kontentiga qiziqish pasayishidan foyda ko‘rmoqda. Yaqin vaqt ichida auditoriya faolligining tez tiklanishi esa ehtimoldan yiroq deb baholanmoqda.
Bir haftada ikkinchi marta reyting pasaytirildi
Bu Netflix aksiyalari bo‘yicha bir hafta ichidagi ikkinchi salbiy tavsiya bo‘ldi.
18-sentabr kuni Wells Fargo Securities kompaniya aksiyalari bo‘yicha reytingni «ushlab turish»dan «sotish»ga tushirgan va maqsadli narxni $80 dan $57 gacha pasaytirgan.
Bu ko‘rsatkich 21-sentabrdagi yopilish narxiga nisbatan aksiyalar taxminan 22% arzonlashishi mumkinligini anglatadi.
Wells Fargo tahlilchisi Steven Sahall Netflix’da yirik original seriallar yetishmayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, aksiyalar tiklanishi uchun kompaniyaga yangi katta auditoriya to‘play oladigan loyihalar kerak.
Avvalroq «Kursiv» Netflix aksiyalari 10 foizga tushgani haqida yozgan edi.