O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan 35 – 40 foiz kam maosh oladi — Jahon banki

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish uchun ayollar bandligini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda ayollar bir xil malaka va sohada ishlagan taqdirda ham erkaklarga nisbatan 35 – 40 foiz kam maosh oladi. Bu Jahon bankining «O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: Farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari» nomli yangi hisobotida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Bolalar parvarishi xizmatlarini kengaytirish tavsiya qilindi

O‘zbekistonda kambag‘allikni yanada qisqartirish uchun ayollar bandligini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Jahon banki ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshirish uchun bir nechta yo‘nalishga e’tibor qaratgan. Jumladan, bolalar parvarishi xizmatlarini kengaytirish, ish beruvchilar talab qiladigan bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallash uchun sifatli ta’limga sarmoya kiritish muhimligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, ortda qolayotgan tuman va mahallalarda transport aloqalari hamda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, ijtimoiy yordamni esa eng ehtiyojmand guruhlarga aniqroq yo‘naltirish tavsiya etilgan.

Ayollar uchun ish joyidagi xavfsizlik ham muhim

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayevning aytishicha, bugungi kunda OTM talabalarining 53 foizini ayollar tashkil etadi. Uning fikricha, bu kelajakda ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish uchun imkoniyat yaratadi.

Jo‘rayev, shuningdek, vazirlik va Jahon banki hamkorligida ayollarni ish joyidagi tazyiq, zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikdan himoya qilish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi.

«Bu ham ayollarning ish joylaridagi faolligini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi», – dedi u.

Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish kerak

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Nanji Benhasin ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish kelgusidagi muhim vazifalardan biri ekanini aytdi.

«O‘zbekistonda erishilgan natijalarni mustahkamlash uchun inson kapitaliga sarmoya kiritish, yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish muhim», – dedi u.

Bu yo‘nalishdagi choralar ayollarning mehnat bozorida faolroq ishtirok etishi va o‘z daromadiga ega bo‘lishiga xizmat qilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 trillion so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek