O‘zbekistonda yangi avtomobillar savdosi deyarli 21 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Foydalanilgan avtomobillar savdosi 10,8% kamaydi
Chevrolet Cobalt
Foto: UzAuto Motors

Oʻzbekistonda avtomobil bozori avgustda sezilarli oʻzgardi: yangi yengil avtomobillar savdosi bir oyda 20,5% oshgan boʻlsa, foydalanilgan avtomobillar savdosi 10,8% kamaydi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotiga koʻra, avgustda 30,6 mingta yangi yengil avtomobil sotildi. Oʻsishning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ta’minladi. Ularning savdosi qariyb 25% koʻpayib, 25,3 mingtaga yetdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham oshdi, biroq oʻsish ancha past – 7% ni tashkil etdi. Avgustda 5,3 mingta import avtomobil sotilgan.

Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda faollik pasaydi. Bir oyda qariyb 32 mingta foydalanilgan yengil avtomobil sotildi. Bu iyuldagiga nisbatan 10,8% kam. Shunga qaramay, ikkilamchi bozor jami yengil avtomobillar savdosining yarmidan koʻprogʻiga yaqin – 50,2% ini tashkil etdi.

Elektromobillarga talab oshib bormoqda

2026-yil avgust oyida Oʻzbekistonda 9,2 mingta elektromobil sotildi. Oylik koʻrsatkich deyarli oʻzgarmagan boʻlsa-da, 2025-yilning mos davridagiga nisbatan savdo 44,5% oshgan.

Elektromobillar, asosan, Toshkentda xarid qilinmoqda. Avgust oyida Toshkent shahrida 6,3 mingta elektromobil sotildi, bu jami savdoning 68,5% ini tashkil etdi. Umuman olganda, oy davomida barcha turdagi 79 mingdan ortiq avtotransport vositasi sotildi. Hududlar orasida eng yuqori oʻsish Buxoro, Toshkent va Xorazm viloyatlarida kuzatildi.

Avvalroq Kursiv eng tejamkor beshta gibrid avtomobillar reytingini e’lon qilgan edi.

Shuningdek