Qirg‘izistonda zotdor qo‘chqor 1 mln dollarga sotildi

Qirg‘izistonda arashan zotiga mansub zotdor qo‘chqor $1 mln ga sotildi. Bitim ushbu zotni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro festival doirasida amalga oshirilgan.
Tadbirda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistondan fermerlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Million dollarlik qo‘chqor mashhur Frankelning avlodi
Ma’lumotlarga ko‘ra, $1 mlnga sotilgan qo‘chqor mashhur Frankel laqabli qo‘chqorning avlodi hisoblanadi. Frankelning o‘zi 2023-yilda Qozog‘istonga $150 mingga sotilgan edi.
Ayrim manbalarda yangi qo‘chqorning xaridori ham Qozog‘istondan ekani qayd etilgan.
Arashan zoti nimasi bilan ajralib turadi
Arashan zoti Qirg‘izistonda 2021-yilda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uni yaratish bo‘yicha seleksiya ishlari esa 1970-yillardan buyon davom etib keladi. Zot hisor qo‘chqorlari va mahalliy dag‘al junli qo‘ylarni chatishtirish orqali shakllantirilgan.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, arashan qo‘ylari sergo‘shtligi, dumbasining kattaligi va chidamliligi bilan ajralib turadi. Ular tog‘ yaylovlari hamda dasht sharoitiga moslashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.