Yevrokomissiya Vengriya uchun 4,2 mlrd yevroni blokdan chiqarishni taklif qildi

eʼlon qilindi
YI
Yangi hukumatdan keyin vaziyat o‘zgardi
Yevrokomissiya Vengriya uchun 4,2 mlrd yevroni blokdan chiqarishni taklif qildi
Foto: depositphotos

Yevrokomissiya Vengriya uchun avval muzlatib qo‘yilgan 4,2 mlrd yevro miqdoridagi mablag‘ni qisman ochishni taklif qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Vengriya Yevropa Ittifoqining moliyaviy manfaatlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini kuchaytirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlaganini ta’kidladi.

Mablag‘lar nega muzlatilgandi

Vengriyaga ajratilishi kerak bo‘lgan mablag‘larning bir qismi avvalgi hukumat davrida davlat xaridlari, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaga qarshi kurash va prokuratura faoliyatiga oid muammolar sabab cheklangan edi. 2024-yilda Yevropa komissiyasi ushbu kamchiliklar yetarli darajada bartaraf etilmaganini qayd etgan.

O‘sha davrda hukumatga Viktor Orban va uning Fidesz partiyasi rahbarlik qilgan. Orban va uning hukumati korrupsiya hamda qonun ustuvorligini zaiflashtirish haqidagi ayblovlarni rad qilib kelgan.

Yangi hukumatdan keyin vaziyat o‘zgardi

Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, Peter Magyar boshchiligidagi yangi hukumat davlat xaridlari, korrupsiyaga qarshi tizim, manfaatlar to‘qnashuvi va prokuratura samaradorligi bo‘yicha bir qator islohotlarni amalga oshirdi.

Vengriya 2026-yil iyulida Yevropa prokuraturasiga ham qo‘shildi. Yevrokomissiya bu qadamni YI mablag‘larini moliyaviy jinoyatlardan himoya qilish mexanizmini kuchaytiruvchi choralar qatoriga kiritgan.

Shuningdek, mablag‘lar qisman ochilgach, ayrim Vengriya universitetlarining Erasmus+ va Horizon Europe dasturlarida qayta ishtirok etishiga yo‘l ochilishi mumkin.

Umumiy summa 16,4 mlrd yevroga yetishi mumkin

Yevrokomissiya may oyida Vengriya barcha kelishilgan islohotlarni amalga oshirsa, jami 16,4 mlrd yevro miqdoridagi muzlatilgan mablag‘ni ochishga tayyorligini bildirgan edi. Shundan 10 mlrd yevro tiklanish dasturlari, yana 6,4 mlrd yevro esa birdamlik fondlari bilan bog‘liq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vengriyada qabr qazish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek