Andijon Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantiriladi

eʼlon qilindi
Dual ta’lim ulushi 80% ga yetkaziladi
Andijon Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantiriladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Andijon viloyatini Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyatda hozir 12 ta oliygohda 95 ming talaba, 59 ta texnikumda esa 60 ming yosh tahsil olmoqda. Ushbu salohiyatni ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.

Dual ta’lim ulushi 80% ga yetkaziladi

«Ipak yo‘li» sanoat zonasida investor tomonidan texnikum tashkil qilinib, o‘quvchilarga ta’lim bilan birga stipendiya va ish berilayotgani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi.

Shu asosda oliygoh va texnikumlarning amaliy kafedralarini 46 ta sanoat zonasi hamda 56 ta yirik korxona hududiga ko‘chirish topshirildi.

Bu joylarda yengil konstruksiyali o‘quv xonalari tashkil etilib, yil yakuniga qadar dual ta’lim qamrovini kamida 80% ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yangi loyihalar muhandislarga talabni oshiradi

Viloyatda amalga oshirilayotgan qariyb $7,5 mlrdlik yangi loyihalar energetika, gidrotexnika, elektronika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va logistika yo‘nalishlarida muhandislarga bo‘lgan talabni oshirishi kutilmoqda.

Shu sababli Andijon texnika institutini transformatsiya qilish belgilandi.

Andijon texnika instituti yangilanadi

Institutga xorijlik menejerlar va professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi. Ta’lim dasturlari va yo‘nalishlari zamonaviy sanoat talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, institutda alohida dizaynerlik fakulteti ochiladi. Fakultet dual ta’lim asosida sanoat korxonalariga biriktiriladi. Mazkur ishlar uchun 25 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Andijon viloyatining iqtisodiyoti yarim yilda 8,8 foizga o‘sgani haqida yozgan edi.

Shuningdek