Andijonda 10 foiz o‘sish, $5 mlrd investitsiya va $1,5 mlrd eksport maqsad qilindi

Andijonda kelgusi yil iqtisodiy o‘sishni kamida 10 foizga yetkazish, 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,5 mlrd dollarga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda 24-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytildi.
Chorvachilik va parrandachilik kengaytiriladi
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda yirik komplekslar sonini ko‘paytirish belgilandi.
Ulug‘nor tumanida paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini beradi. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish hisobiga ham chorvachilikni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Yil yakunigacha shunday yerlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘ston tumanlarida yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Baliqchi tumanida ishga tushirilgan 20 mln dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda esa 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Ulug‘nordagi 1 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Korxonalar kengaytiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi
Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida Andijondagi loyihalar menejeri instituti orqali viloyatning yangi investitsiya modelini yaratish ko‘zda tutilgan.
Bunda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniga ega yo‘nalishlar aniqlanib, ularga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish bo‘yicha rejalar ishlab chiqiladi.
Aylanmasi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 104 ta korxona faoliyatini kengaytirish hisobiga qo‘shimcha 20 – 30 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi.
Aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan 4 ta korxonada esa texnologik modernizatsiya orqali qo‘shilgan qiymatni 40 – 50 foizga oshirish choralari ko‘riladi.
Andijon oldiga yirik iqtisodiy maqsadlar qo‘yildi
Kelgusi yil viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 mlrd dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hudud uchun ham loyihalar menejeri lavozimlarini joriy etish belgilangan.
Avvalroq 2026-yilning birinchi yarmida Andijon viloyati iqtisodiyoti 8,8% ga, sanoat 9,2% ga, xizmatlar 16,1% ga, investitsiyalar esa 8,9% ga o‘sgani qayd etilgandi.