Andijonda ayrim tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi

Kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan sanoat korxonalarining xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va tashish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Andijonga esa ish o‘rinlari yaratadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 20 mln dollar ajratiladi. Bu haqda 24-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Xodimlarni o‘qitish va tashish xarajatlari qoplanadi
Yangi choralar kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan sanoat korxonalariga tatbiq etiladi.
Bunday korxonalarning xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek, ularni ish joyiga olib kelish va olib ketish bilan bog‘liq transport xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Bu orqali yirik sanoat korxonalarida xodimlarni tayyorlash va ularning ishga qatnovi bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Besh yil ishlagan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovi qoplanadi
Korxonada kamida besh yil ishlagan xodimlarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovlarini qoplab berish chorasi ham belgilandi. Shuningdek, ishchilar soni 1 ming nafarga yaqinlashayotgan korxonalar uchun ham alohida grantlar ajratiladi. Aynan shu yo‘nalishda Andijonga 20 mln dollar ajratilishi belgilandi.
Qaror loyihasi bir oyda tayyorlanadi
Mutasaddilarga ko‘p ish o‘rni yaratadigan sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqib, kiritish topshirildi.
Yangi choralar yirik ish beruvchilarning xodimlarni tayyorlash, tashish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash mexanizmlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Avvalroq Andijonda kelgusi yil iqtisodiy o‘sishni kamida 10 foizga yetkazish, 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,5 mlrd dollarga chiqarish vazifasi qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.