Bo‘shaydigan joylar biznesga: Andijondagi 30 ta ma’muriy bino ko‘chiriladi

Andijonda 30 ta ma’muriy binoni Bobur shahriga ko‘chirish hisobiga biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr joy bo‘shashi kutilmoqda. Ushbu hududlarga qo‘shimcha $1 mlrd investitsiya jalb qilish va kamida 20 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bo‘shaydigan joylar biznesga beriladi
Andijondagi davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish natijasida bo‘shaydigan bino va maydonlar savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
30 ta ma’muriy binoni ko‘chirish hisobiga tadbirkorlar uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr maydon bo‘shashi qayd etildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu orqali qo‘shimcha $1 mlrd investitsiya jalb qilish va kamida 20 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, o‘qing: Andijonda ayrim tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi
To‘rtta hududda ham xizmatlar kengaytiriladi
Asaka, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa markazlari, shuningdek, Xonobod shahrini yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu hududlarning bosh rejalarini savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida kamida 20 mingta ish o‘rni yaratadigan loyihalarga moslashtirish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 600 mln dollarlik logistika kompleksi qurilishi haqida xabar berilgandi.