Donald Tramp Si Szinpinni Vashingtonda kutib oldi

eʼlon qilindi
Muzokaralarda savdo, sun’iy intellekt va Tayvan muhokama qilinadi
Donald Tramp Si Szinpinni Vashingtonda kutib oldi
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Szinpinni Vashingtonda uch kunlik tashrifi doirasida kutib oldi. Xitoy rahbarining AQSh poytaxtiga bu tashrifi 2015-yildan beri birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Si Szinpin va uning rafiqasi Pen Liyuan 23-sentabr kuni Merilenddagi Joint Base Andrews harbiy bazasiga yetib keldi. Ularni Tramp va AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp kutib oldi.

Si Szinpin uchun qizil gilam va harbiy marosim tashkil etildi

Xitoy delegatsiyasini kutib olish marosimida 30 metrga yaqin qizil gilam yozildi, faxriy qorovul saf tortdi va harbiy orkestr ishtirok etdi.

Marosim vaqtida AQShning B-1 harbiy samolyotlari baza ustidan uchib o‘tdi. Trampning xorijiy davlat rahbarini aeroportning o‘zida kutib olishi kam uchraydigan holat sifatida qayd etilmoqda.

Ikki davlat rahbarlari qisqa suhbatdan so‘ng Vashingtonga yo‘l oldi.

Muzokaralarda savdo, sun’iy intellekt va Tayvan muhokama qilinadi

Uch kunlik tashrif davomida yopiq muzokaralar va davlat ziyofati o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tomonlar savdo munosabatlari, sun’iy intellekt, texnologik raqobat, Tayvan va Yaqin Sharqdagi vaziyat kabi masalalarni muhokama qilishi kutilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tayvan masalasi muzokaralardagi asosiy mavzulardan biri bo‘lishi mumkin.

AQSh va Xitoy savdo sulhini uzaytirdi

Si Szinpin tashrifi arafasida AQSh va Xitoy savdo bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvni 2027-yil yanvarigacha uzaytirishga kelishdi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent ikki tomon «Busan kelishuvi»ni uzaytirganini ma’lum qildi. Muzokaralarda kelajakda kengroq savdo bitimini tuzish imkoniyati ham muhokama qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Grenlandiyada ikkita yangi harbiy baza ochishi haqida yozgan edi.

Shuningdek