Ekspertiza xulosasisiz kutubxona ortida qurilish boshlash mumkin emas — Ekologik qo‘mita

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda avtoturargoh tashkil etish loyihasi bo‘yicha hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emas. Shu sabab hududda ekologik baholashdan oldin qurilish va obodonlashtirish ishlarini boshlash mumkin emas. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi loyiha yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirib ma’lum qildi.
Yashil hududlarga ta’sir baholanishi kerak
Shuningdek, o‘qing: «Navro‘z» bog‘iga tegishli ikki obyekt auksionga chiqarildi
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qurilish va obodonlashtirish vaqtida daraxtlar, butalar, yashil maydonlar yoki tuproq qoplamiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday ish tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilishi lozim.
Shundan keyingina loyiha bo‘yicha ishlarni amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Loyihada hududga 1 mingdan ortiq daraxt va buta ekish nazarda tutilgan.
Biroq qo‘mita yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ekologik, iqlimiy hamda rekreatsion ahamiyatini to‘liq almashtira olmasligini ta’kidladi.
«Qo‘mita hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarur, deb hisoblaydi», — deyiladi rasmiy munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi Milliy kutubxona ortidagi hududda avtoturargoh tashkil etilishi bo‘yicha holatga munosabat bildirib, shahar markazidagi ko‘kalamzor hududlarni kamaytirish va aholi sayr qilishi hamda dam olishi uchun mo‘ljallangan jamoat joylari o‘rnida qurilishlar olib borish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlagandi.
Jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan ushbu loyiha 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, xususiy sherik uch oy ichida kamida 10 mlrd so‘m investitsiya kiritishi kerak. Hududda avtoturargoh bilan birga bolalar maydonchasi, workout zonasi, velosiped va piyodalar yo‘laklari, yemakxona hamda yengil konstruksiyali sport majmuasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.